Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi 29-30-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston – Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, tizimli siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni kuchaytirish, shuningdek, savdo, energetika, kimyo, geologiya, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi hamda mashinasozlik tarmoqlarida aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ilgari surildi.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.
Oliy martabali mehmonni “Toshkent-humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA muxbiri.
Madina Nurman olgan suratlar.