Hind adabiyoti tarixi o‘zbek olimalari talqinida
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘quv ishlari bilan birga ilmiy tadqiqotlar ham uzluksiz davom etadi. Professor-o‘qituvchilar ilmiy ishlarini o‘quv jarayoni, universitet ilmiy faoliyati bilan bog‘liq holda olib boradi.
Universitetda ko‘p yillardan beri bakalavriat yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi talabalariga Hindiston xalqlari adabiyotidan saboq berib kelayotgan dotsent Tamara Xodjayeva hamda professor Ulfat Muhibova yaqinda ko‘p yillik mehnat samarasi sifatida “Hindiston adabiyoti” nomli monografiya yozdi. Mazkur tadqiqot Hindiston elchixonasi ko‘magida kitob holida chop etildi.
Monografiya ko‘p tilli Hindiston xalqlari, xususan, hindi, urdu, bengal, panjob va janubiy telugu xalqlari adabiyoti rivojiga bag‘ishlangan. 35 bosma taboqdan iborat ushbu qo‘llanma mazmunida qadimiy Hindiston adabiy merosiga oid vedalardan boshlab, bugungi kungacha bo‘lgan, deyarli qirq asrlik tarixni qamrab olgan.
Mualliflar Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalar rivojiga butun umri davomida hissa qo‘shib kelayotgan o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridir. Masalan, filologiya fanlari nomzodi T.Xodjayeva ilmiy izlanishlari yo‘nalishi asosan O‘zbekiston va Hindiston adabiy aloqalari tarixi bilan bog‘liq. Olima Hindistonga ko‘p bor safar qilib, muntazam ravishda turli manbalar bilan tanishib, bugungi kunda ikki davlat adabiy aloqalariga aloqador qadimdan to bugungi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan monografiyani o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr ettirdi.
Universitetning Janubiy va Janubiy-sharqiy Osiyo tillari kafedrasi mudiri filologiya fanlari doktori U.Muhibovaning ilmiy tadqiqot yo‘nalishi esa Hindistonda Boburiylar davri adabiyotiga doir. Mutaxassis Hindistonga uyushtirilgan ilmiy safarlar chog‘i tegishli davr adabiyotini o‘rganib, doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va “Boburiylar davri adabiyoti” nomli monografiya chop etdi. 2007 yili Amerikada o‘tkazilgan hindi tili bo‘yicha xalqaro anjumanda hindi tili va adabiyoti sohasidagi alohida xizmatlari uchun Hindiston hukumatining “Hindi tili targ‘iboti uchun” nomli mukofoti bilan taqdirlandi.
Monografiya o‘z mazmuniga ko‘ra ham ilmiy, ham o‘quv-uslubiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, talabalar uchun Hindiston adabiyoti, eronshunoslar uchun Hindiston forsiyzabon adabiyoti bo‘yicha tasavvur hosil qilish, indonez va malay tillari talabalari uchun qadimiy Yava adabiyotini o‘rganishda zarur manba bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA