Himoya orderi berilgan ayol qanday huquqlarga ega?
Ayol – tabiatning nozik xilqati. Haqiqatan, xotin-qizlar eʼtibor va himoyaga doim ehtiyoj sezadi.
Zoʻravonlikka uchragan ayollarga himoya orderi qay tartibda beriladi? Himoya orderi berilgan ayol qanday huquqlarga ega? Uning himoyasi uchun kim masʼul? Urganch shahrida oʻtkazilgan tadbirda ana shu savollarga javob berildi.
Ayol – tabiatning nozik xilqati. Haqiqatan, xotin-qizlar eʼtibor va himoyaga doim ehtiyoj sezadi. Ammo hayot doim bir tekisda davom etavermaydi. Ayrim hollarda xotin-qizlar turli zoʻravonliklarga ham duch keladi. Albatta, bunday hollarda ularning huquqlari umumiy huquqiy mezonlarga muvofiq himoya qilib kelingan.
Viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi, ichki ishlar boshqarmasi, mahallalar kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni va ushbu hujjatdagi aniq vazifalar, uning mazmun-mohiyati, bugungi kunda ayollarni zoʻravonlik hamda kamsitishlardan himoya qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Mazkur qonun bilan zoʻravonlik, jinsiy, jismoniy, iqtisodiy, ruhiy zoʻravonliklar, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi, tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, tazyiqlar va zoʻravonlikning oldini olish, muhofaza orderi kabi tushunchalarga aniqlik kiritildi va ularning mazmun-mohiyati ochib berildi.
– Ayni damda viloyatda ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida yangi joriy etilgan xotin-qizlar masalalari boʻyicha 17 inspektor qiz barcha tuman va shaharlarda oʻz faoliyatini olib bormoqda, – deydi Xorazm viloyati IIB HPB boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Dilnoza Bogʻibekova. – Ularning barchasi maxsus malakaga ega tajribali xodimlar. Bugungi tadbir davomida ayollarimizni tazyiq va zoʻravonlikdan saqlashda ularga muhofaza orderi berish tartibi, bunda hamkor tashkilotlar va ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar va huquqiy meʼyorlar toʻgʻrisida tushuncha va maʼlumotlar berildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, endilikda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi ayol oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilgani yoki ularni sodir etish tahdidi toʻgʻrisida ariza bilan tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish huquqiga ega. Shuningdek, ular maxsus markazlarda, ishonch telefoni orqali bepul huquqiy maslahat oladi. Ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish, ichki ishlar organlariga himoya orderi berish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilishga haqli.
Noxush holatlarning oldini olish, jabrlanuvchining xavfsizligini taʼminlash maqsadida zoʻravonlikka moyil shaxsning esa xulq-atvorini oʻzgartirishda unga ruhiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bunday shaxslar zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtadi.
Umuman olganda, qabul qilingan qonun hamda davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar jamiyatda, turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalarida va boshqa joylarda xotin-qizlarga boʻlgan hurmatni oshirish, tazyiq va zoʻravonlik hollarining oldini olishga xizmat qiladi.