Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
Bayramlar arafasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muxtoj, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish yaxshi an’anaga aylangan.
Bu yil ham bayram munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi boshqaruvi tomonidan an’anaga sodiq qolingan holda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi.
Jumladan, fond xodimlari Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi 1935 yilda tug‘ilgan 2-guruh nogironi Ramziya aya Temirova hamda birinchi guruh nogironi Qandolat aya Normurodovalar xonadoniga tashrif buyurdi. Ularga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi hamda shahar bo‘linmasi tomonidan bayram sovg‘asi va oziq-ovqat maxsulotlari to‘plami topshirildi.

Ma’lumki, vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib, aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda Prezidentimizning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida fondning Karmana tuman bo‘linmasi bilan birgalikda Alisher va Bobosher Bo‘ronovlar holidan xabar olindi.
Karmana tumani “Jaloir” MFYda yashovchi bu aka-ukalar qatag‘on qurboni – 1938 yilda quloq qilingan Bozor bobo Bo‘ronovning evaralari hisoblanadi. Uchrashuvda Bozor bobo xotirasi yod etildi, u kishi haqida shirin suhbatlar qurildi. Ayni paytda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga fond tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami hamda bayram sovg‘alari ulashildi.

Bayram arafasida fond xodimlari tomonidan “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida davolanayotgan, nogironligi bo‘lgan, imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan ham xabar olindi. Navoiy viloyati tibbiy ijtimoiy xizmatlar agenligi bo‘limi bilan xamkorlikda Nurota tumanidagi “Muruvvat” erkaklar uyiga “Mahalla” fondi xuzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 30 ming dona tibbiy niqob hamda antiseptik vositalar yetkazib berildi.
O‘zgalar holidan xabar olish, ularga yordam ko‘rsatish xalqimizga xos qadriyatlardan biri sanaladi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilayotgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.



Abduvali Bo‘riyev, O‘zA