Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi
Toshkent viloyatida joriy yilda 2 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan insonlarga moddiy yordam berilgan.
Mehr-saxovat oyligi loyihasi doirasida O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan Parkent tumanida o‘tkazilgan «Mehr qolur...» deb nomlangan xayriya tadbirida shu haqida so‘z bordi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi D.Shoismanovning ta’kidlashicha, bu kabi loyihalar barcha hududlarda tashkil etilmoqda.

Fond va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hududiy bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan 2021 yilda 2 ming 50 nafar kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand oilalar vakillariga, 52 nafar yakka yolg‘iz qariyalar va urush qatnashchilari, shuningdek, 105 turdagi ijtimoiy holatlar bo‘yicha aholiga moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Tadbirga viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan mehmonlar uchun bayram dasturxoni yozilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA