Hech bir xotin-qiz e’tiborsiz qolmaydi
2021 yil 15 mart kuni Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tuzilmaning maqsad-muddaosi, vazifalari nimalardan iborat ekani yig‘ilishda atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilishda senatorlar, Kengash a’zolari, vazirlik va idoralarning mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi Tanzila Norboyeva olib borgan ushbu yig‘ilishda mamlakatimizda ayollar manfaatlarini ta’minlash, yordamga muhtoj ayollarni kuchli ijtimoiy himoyalash, qiynalgan opa-singillarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalasi shiddat bilan kechayotgan islohotlarda ustuvor o‘rin egallayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tuzilishi, unga Senat Raisi rahbarlik qilishini ta’kidlagan edi.
Shu bilan birga, 2021 yil 5 mart kuni davlatimiz rahbarining «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari belgilandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Shu bilan birga, Kengash oldidagi vazifalar, jumladan, joylarda mavjud muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etishga oid ishlarni amalga oshirish, ayollar bandligini ta’minlash, ayollarni hunarmandlik va tadbirkorlikka jalb etish kabi ko‘plab masalalar atroflicha muhokama etildi.
Qolaversa, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining 2021 yilga mo‘ljallangan ish rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi. Jumladan, noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollar, otasidan ayrilgan, yolg‘iz onasi qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetgan qizlar, davolanishga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, yil davomida har bir hududda asosan xotin-qizlar faoliyat yuritadigan hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etilishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Ishsiz fuqarolarga tizimli yordam ko‘rsatish hamda «mahallabay» asosda ishlarni tashkil etish maqsadida har bir mahallada mehnat inspektoriga «jamoatchi yordamchi» jalb etish vazifasi belgilab berildi.
Bundan tashqari, yangi ro‘yxatdan o‘tgan Tadbirkor xotin-qizlarga bo‘sh turgan binolarni imtiyozli asosda 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga berib, ijara haqining 3 oy mobaynida 2,5 million so‘mgacha bo‘lgan qismini Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan berish mexanizmi joriy etiladi.
Shuningdek, tadbirda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning psixologik-huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ozodlikka chiqarilgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb etish, shu maqsadda ular o‘rtasida grantlar e’lon qilish ham belgilab olindi.
Yig‘ilishda erta nikoh, erta tug‘ruq, oilalardagi zo‘ravonlik, ajrimlar, ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash masalalari ko‘rib chiqilib, bu borada Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot instituti doimiy ravishda tadqiqotlar o‘tkazilishi belgilandi.
Ishchan va amaliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA