Hech bir bola e’tibordan chetda emas
Yurtimizda bayram shukuhi, shukronalik ruhi kezib yuribdi. Mamlakatimizda mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan turli xil tadbirlar, uchrashuvlar amalga oshirilmoqda. Shunday loyihalardan biri Prezident ta’lim muassasalari agentligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi va “Digital Generation Uzbekistan” NNT tomonidan 23-30 avgust kunlari “Raqamli avlod IT oromgohi” nomi ostida o‘tkazildi.
Mazkur loyihaga binoan Toshkent shahridagi “SOS–O‘zbekiston bolalar mahallalari”, 22 va 23- sonli Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda eshitish qobiliyati zaif bolalarga ixtisoslashtirilgan respublikadagi barcha maktab-internatlar o‘quvchilari uchun dasturiy ta’minot bilan oflayn robototexnika darslari tashkil etildi. Tadbir poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tdi.
Onlayn darslarda esa mamlakatimizning turli hududlaridan 2000 nafardan ortiq yosh web-dasturlash, .NET dasturlash, 2D dizayn, raqamli media va marketing, robototexnika yo‘nalishlarida tajribali mentorlardan saboq oldi.

Bir haftalik o‘quv- mashg‘ulotlarning yopilish marosimi ham ko‘tarinki kayfiyatda, bayramona ruhda uyushtirildi. Unda faol ishtirokchilar va mustaqilligimizning 30- yilligiga bag‘ishlangan Hackathon (xakaton) musobaqalari g‘oliblariga qimmatli sovg‘alar topshirildi.

Tadbirga, shuningdek, Prezidentimizning 2021 yil 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrifida bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatida Prezident maktabida o‘qish istagini bildirgan Sevinch O‘roqboyeva ham taklif etildi.

– Bugun men juda ham xursandman. Sababi, Yurtboshimizning e’tibori sababli barcha o‘quvchilar ta’lim olishni orzu qiladigan Prezident maktabiga qabul qilindim. Prezidentimizga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman,– dedi ko‘zlarida quvonch yoshlari bilan Sevinch O‘roqboyeva.
Bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, imkoniyati cheklangan va mehr-muhabbatga muhtoj bolalarga qaratilayotgan e’tiborning yorqin dalilidir. Ularning beg‘uboor tabassumi, dunyolarga teng quvonchi tadbir tashkilotchilari va tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otib, tadbir bayram tantanalariga ulanib ketdi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA