Hazrat Navoiyning Gurjistonga "safari"
Prezident tashrifidan so‘ng...
Ba’zan hayotda shunday ramziy voqealar yuz beradiki, ular asrlar davomida uzilmay kelayotgan ma’naviy rishtalarning qanchalik mustahkamligi va barqarorligidan dalolat beradi.
3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahrida buyuk mutafakkir, turkiy adabiyotning benazir dahosi hazrat Alisher Navoiy haykalining tantanali ravishda ochilishi ana shunday ulug‘ voqealardan biri bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ishtirok etdi.
Bu haykal nafaqat buyuk shoir xotirasiga ehtirom, balki tarix bilan bugunni bog‘lagan ma’naviy ko‘prikdir. Zero, besh yarim asr muqaddam Alisher Navoiy o‘zining buyuk “Saddi Iskandariy” dostonida Gurji yurtini alohida tilga olgan edi:
Tushub Charkasu Gurja sori yo‘li,
Bo‘lub borcha gurjiyu charkas quli.
Shimol ahlin ehsong‘a g‘arq aylabon,
Tavajjuh qilib azmi Sharq aylabon.
Bu misralar zohiran Iskandar yurishlarini tasvirlasa-da, ularda Kavkaz o‘lkalari, jumladan, Gurjiston haqidagi tasavvurlar ham o‘z aksini topgan. Eng muhimi, Navoiy Gurji diyorini keng tarixiy-ma’naviy makonning bir qismi sifatida tilga oladi. Demak, Gurjiston nomi Navoiy qalamida tasodifan emas, balki buyuk shoirning keng geografik va madaniy dunyoqarashining bir bo‘lagi sifatida namoyon bo‘ladi.

Bugun esa tarix go‘yo o‘zining chiroyli davomini topdi. Bir vaqtlar Navoiy she’riyatida tilga olingan Gurji diyorida endi ulug‘ mutafakkirning muhtasham haykali qad rostladi. Bu voqea o‘zbek va gruzin xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixida muhim bosqich sifatida baholanmoqda. Qadimdan ikki xalqni savdo yo‘llari, o‘zaro hurmat va boy ma’naviy merosga qiziqish birlashtirib kelgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Gruziya xalqlarini azaldan Buyuk ipak yo‘li, savdo-sotiq, ilm-fan va madaniy aloqalar bog‘lab kelgan. Bugungi kunda ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari tufayli ushbu munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga tashrifi nafaqat siyosiy va iqtisodiy hamkorlik, balki madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
O‘zbek xalqi Gruziyaning buyuk shoiri Shota Rustaveli merosini hamisha yuksak qadrlab kelgan. Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biri uning nomi bilan atalgan, poytaxtimizda unga haykal ham o‘rnatilgan. O‘z navbatida, joriy yilda Tbilisidagi markaziy bog‘lardan biri Alisher Navoiy nomi bilan atalgani ikki xalqning bir-birining buyuk farzandlariga bo‘lgan hurmatining yorqin ifodasidir.
Shota Rustaveli yashagan adabiy muhit ham Sharq mumtoz madaniyati bilan chambarchas bog‘liq edi. Uning mashhur “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonida insonparvarlik, adolat, sadoqat, mardlik va ma’rifat g‘oyalari ustuvor o‘rin tutadi. Bu g‘oyalar keyinchalik Alisher Navoiy ijodida ham yuksak badiiy kamolot bilan namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda Rustaveli va Navoiy ijodi ikki xalqni birlashtiruvchi umuminsoniy qadriyatlarning badiiy ifodasi hisoblanadi.
O‘zbek va gruzin xalqlarini yaqinlashtirib kelayotgan omillardan yana biri – ularning mushtarak adabiy manbalardan bahramand bo‘lganidir. Bu jihat, ayniqsa, XVII asr gruzin mumtoz adabiyoti vakili Nodar Sitsishvilining “Baramguriani” asari misolida yaqqol ko‘rinadi. Mazkur asar Bahrom Go‘r haqidagi Sharq adabiy an’analari bilan bog‘liq bo‘lib, uning ildizlari Nizomiy Ganjaviyning “Haft paykar” hamda Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonidagi Bahrom Go‘r obrazi va yetti malika haqidagi rivoyatlar bilan uyg‘unlashadi.
“Haft paykar” Nizomiy “Xamsa”sining mashhur dostonlaridan biri bo‘lib, Bahrom Go‘r hayoti va yetti malikaning hikoyalarini o‘z ichiga oladi. Alisher Navoiy ham aynan Nizomiy asos solgan buyuk “Xamsa” an’anasini turkiy tilda yuksak badiiy kamolotga yetkazgan dahodir. Bu go‘zal she’riy qissa Navoiyning “Sab’ai sayyor” asarida yanada yorqin va jozibali tarzda bayon etiladi. “Baramguriani” dostonida esa gruzin shoiri Nizomiy va Navoiy an’analarini davom ettiradi, sharqda mashhur bo‘lgan Bahrom Go‘r haqidagi afsonalarning o‘ziga xos talqinini yaratadi.
Yana bir qiziq jihati Navoiy “Tarixi muluki ajam” asarida Bahrom Go‘r haqida so‘z yuritarkan, uning aynan Gurjistonga qilgan yurishlari haqida to‘xtaladi. Tarixiy manbalarda haqiqatan ham Gruziyaning sharqiy hududlari – qadimgi Iberiya ma’lum muddat Sosoniylar sulolasi vakili bo‘lgan Bahrom V (Bahrom Go‘r) hukmronligi ostida bo‘lgani zikr etilgan. Bu esa, Navoiyning Gruziya tarixidan yaxshi xabardor ekaniga yana bir dalildir.
Bu ulug‘ daholarning har uchala asarida adolatparvar hukmdor, ezgulik, komil inson, vafo, muhabbat va ma’naviy poklanish g‘oyalari muhim o‘rin tutadi.
Gruziyada Navoiy merosiga qiziqish keyingi davrlarda ham davom etgan. Uning g‘azallari va “Xamsa”siga mansub ayrim dostonlari gruzin tiliga tarjima qilingan, adabiyotshunoslar tomonidan o‘rganilgan. Tbilisidagi Korneli Kekelidze nomidagi Qo‘lyozmalar milliy markazida arab, fors va turkiy tillardagi ko‘plab noyob Sharq qo‘lyozmalari, jumladan, Navoiyning turli davrlarda ko‘chirilgan asarlari ham saqlanadi. Jamshid Giunashvili, Magali Todua, Aleksandr Gvaxaria singari gruzin olimlari Navoiy ijodi bo‘yicha tadqiqotlar olib borishgan. Ayni paytga qadar Navoiyning qator g‘azallari, ruboiylari, dostonlari gruzin tiliga tarjima qilingan, hatto maktab darsliklariga ham kiritilgan.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Tbilisi shahrida Alisher Navoiy haykalining qad rostlashi bejiz emas. Bu – asrlar davomida bir-birini boyitib kelgan ikki buyuk adabiy an’ananing, ikki xalqning o‘zaro ehtiromi va ma’naviy yaqinligining ramziy ifodasidir. Besh yarim asr muqaddam Navoiy she’riyatida tilga olingan Gurji diyori bugun uning muhtasham haykalini o‘z bag‘riga oldi.
Navoiyning butun ijodi xalqlar o‘rtasida mehr-oqibat, ezgulik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini tarannum etadi. Shu ma’noda Tbilisida qad rostlagan haykal nafaqat san’at asari, balki ma’naviy muloqot timsolidir. U O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Rustam JABBOROV,
Filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori.
O‘zA