Hayvonot bog‘i ishchisini ayiq tishlab o‘ldirdi
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Mustaqillikning 27 yilligi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Usmonobod Fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli “Andijon hayvonot” bog‘ida ayanchli voqea yuz berdi.
Hayvonot bog‘i ishchisi A.G. yovvoyi ayiqqa ovqat berish maqsadida uning qafasiga kirgan vaqtda ayiq uning bo‘yin qismidan tishlab olgan. Natijada u voqea joyida vafot etgan. Ushbu holat bo‘yicha Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati quyidagi rasmiy axborotni taqdim etdi.
“Andijon shahar Bog‘ishamol dahasidagi Hayvonot bog‘ida 3 yanvar kuni ayiq shu zoopark ishchisiga hujum qilib, uni o‘ldirgani aytilmoqda” sarlavhali murojaat yuzasidan 2023 yil 3 yanvar kuni soat 16:00 larda Xo‘jaobod tumani Mustaqillikning 27 yilligi MFY hududida joylashgan “Usmonobod Fayzi” MCHJga qarashli “Andijon hayvonot” bog‘i ishchisi A.G ayiq yovvoyi hayvoniga ovqat berish maqsadida uning qafasiga kirgan vaqtida, ayiq unga tashlanib, bo‘yin qismidan tishlab olishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat Xo‘jaobod tumani IIB tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, hodisa joyi tuman IIB tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Fuqaro A.G.ning olgan tan jarohatlarini og‘irlik darajasini va uning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.”.
Albatta, ushbu voqea bo‘yicha vakolatli idoralar tomonidan tegishli xulosalar chiqariladi. Lekin hayvonot bog‘i ma’muriyati tomonidan nega xavfsizlik choralari ko‘rilmagan. Nima uchun ishchi ayiqqa qafas ichiga kirib ovqat beradi. Axir 2018 yil dekabr oyida aynan mazkur hayvonot bog‘ida sher ovqat berayotgan ishchini o‘ldirgan edi. Hayvonot bog‘idagi xavfsizlikni ta’minlash mas’ullari nahotki to‘rt yil avvalgi hodisadan tegishli xulosa chiqarishmagan bo‘lsa? Nima bo‘lganda ham bir fuqaroning bunday o‘lim topishi barchani tashvishga solishi kerak.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA