Hayotning har lahzasi go‘zal
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Madaniyat markazida O‘zbekiston xalq shoiri, bolalar adabiyotining zabardast vakili Anvar Obidjon xotirasiga bag‘ishlangan “Hayotning har lahzasi go‘zal” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda keng jamoatchilik vakillari, ijodkorlar, yoshlar hamda shoirning oila a’zolari ishtirok etdi.
Anvar Obidjon xalqimizning yuragidan joy olgan, kamtarin, samimiy serqirra ijodkor edi. Ayniqsa, bolalar adabiyotida uning o‘rni salmoqli. Anvar Obidjon bolalar adabiyotiga dastlab “Ona Yer” (1974), “Bahromning hikoyalari” (1984) to‘plamlari orqali kirib kelgan. “Masxaraboz bola” (1980), “Olovjon va uning do‘stlari” (1983), “Ey, yorug‘ dunyo” (1983), “Ketmagil” (1985), “Bezgakshamol” (1985), “Juda qiziq voqea” (1987), “Oltin yurakli avtobola” (1988), “Dahshatli Meshpolvon” (1990) kabi she’riy, nasriy kitoblari chop etilgan. “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi”, “Pahlavonning o‘g‘irlanishi”, “Ramazon va Gulmat hangomasi” (1992), “Meshpolvonning janglari” (1994), “Alisher ila Husayn yoki uch dono va o‘g‘ri” (1996), “To‘tiqush”, “Topsang hay-hay…” kabi qissa, pesa va dostonlari e’lon qilingan.
Anvar Obidjon 1997 yilda “Shuhrat” medali, 1998 yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoni, 2011 yilda esa “Fidokorona xizmatlari uchun ordeni” bilan taqdirlangan. Agar shoir hayot bo‘lganida bu yil 77 yoshni qarshi olardi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Anvar Obidjon yaratgan asarlar bolalar adabiyotining durdonasi ekanini ta’kidlab, shoir bilan bog‘liq xotiralarni yodga oldilar. Ta’kidlanganidek, Farg‘ona viloyatida shoirning xotirasini abadiylashtirish, ijodiy merosini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, viloyat hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Vodiy1.uz Internet nashri va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Bolalarning qadrdon adibi” deb nomlangan ko‘rik-tanlov tashkil etildi. Uchta nominatsiyada o‘tkazilgan tanlovga mingdan ortiq ijodiy ishlar, ijtimoiy roliklar taqdim etildi.
[gallery-17714]
Tadbirda mazkur tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Anvar Obidjonning she’rlari ijro etildi, san’atkorlar qo‘shiqlari tadbirga fayz kiritdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA