Hayotni shakllarda yaratgan rassom
Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Muhammadjon Sattorovning “Nur. Shakl. Hayot” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Muhammadjon Sattorov o‘zbek rangtasvir maktabining yorqin yosh vakillaridan biri bo‘lib, 1988 yil Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. Bolaligidan juda kuzatuvchan bo‘lib, rasm chizishni yaxshi ko‘rgan.
Yosh rassomning iste’dodi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Sobir Rahmetov va Akmal Ikromjonov ustaxonasida rivojlangan. 2013—2017-yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy san’at va dizayn institutining «Tasviriy san’at» fakulteti «Dastgoh rangtasviri» kafedrasida tahsil olgan.
[gallery-26182]
Rassom 2018 yildan O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi a’zosi bo‘lib, ko‘plab respublika va xalqaro ko‘rgazmalarda hozirgi kunga qadar faol ishtirok etib kelmokda. Uning ijodini san’at ixlosmandlari katta qiziqish bilan kuzatadi.
Muhammadjon sintez ustasi. Uning klassik rangtasvir asarlari ekspressiya bilan uchrashadi, o‘zbek ornamentikasi esa zamonaviy ekspressionizm bilan shakllanadi.
Rassomning asarlari bilim ramzi sifatida qabul qilinadi. Nur, Shakl — tuzilma sifatida va bularning barchasi Hayotni ifodalaydi.
Ko‘rgazmada rassomning 100 ga yaqin sara asarlari namoyish etildi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA