Hayitko‘l kenglarida bayram shodiyonasi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani viloyatning hududi jihatdan yirik tumanlaridan. Yarmi cho‘l, yarmi esa tog‘li hudud hisoblangan ushbu tuman aholisining asosiy daromadi chorvachilik va dehqonchilikdan. Asosiy yerlari lalmi maydonlardan iborat bo‘lgani uchun odamlar bahor kelishi bilan osmonga qarashadi.
Yog‘ingarchilik mo‘l bo‘lsa, qir-adirlar o‘t o‘langa to‘ladi. Chorvaning yili keladi. Lalmi ekinlar serhosil bo‘ladi. Shu boisdan bo‘lsa kerak chiroqchiliklar yilboshi hisoblanmish Navro‘z bayramini o‘zgacha kayfiyatda qarshi olishadi. Qurbonliklar qilib, yaratganga shukronalar qilishadi.
Bu yilgi Navro‘z bayrami ham tumanning Hayitko‘l qishlog‘i kengliklarida sayl ko‘rinishida nishonlandi. Qirlarga chopayotgan sho‘x-shodon bolajonlar qiyqirib, osmonga varrak uchirishadi. Yaqinda kelin tushirgan qaynonalar kelinlarini ta’zimga olib chiqishadi. Doshqozonlarda osh damlanib, el-xalqqa tarqatildi. Milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Unda ko‘ksomsayu sumalakdan tortib qatlama, patir, xolvaytar, chiroqchi yaxnasiyu tandir go‘shtigacha bor. Ulardan tatib ko‘rar ekansiz xalqimizning taom tayyorlashdagi mahoratiga lol qolasan kishi.
Aytish joizki, bayram sayli shu hududda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari O‘ktam Yunusov va Ra’no Joniyevalarning nikoh to‘ylari bilan boshlandi. Tuman mas’ullari Navro‘z bayrami munosabati bilan xayrli tashabbusning boshini tutib, ularning nikoh to‘ylarini o‘tkazib berishni maqsad qilgan edi. Navro‘z sayliga kelgan barcha-barcha ularni xursandchilik kunlari bilan tabriklashdi. Tuman hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari yoshlarga qimmatbaho sovg‘alar ulashdi.
– Oilamiz uchun qo‘shaloq bayram bugun, – deydi Oysha Qo‘ldosheva. – Boisi farzandimning boshi ikkita bo‘ldi. Yolg‘iz ona bo‘lganim bois to‘y qilib berishga qurbim yetmayotgan edi. Tuman mas’ullaridan minnatdorman. Ular tufayli orzuim ushaldi.
[gallery-11094]
Aslida Navro‘z bayrami sayl ko‘rinishida nishonlanishida ham hikmat bor. Bayram kuni kurash, ko‘pkari, qo‘chqor urishtirish, arqon tortish kabi ko‘plab milliy o‘yinlar tashkil etiladi va elning jasur yigitlari o‘z iqtidorlarini ko‘rsatishga imkon tug‘iladi. Bayram kuni Hayitko‘l kengliklarida ham kurash va ko‘pkari musobaqalari tashkil etildi. Unda nafaqat chiroqchilik, balki viloyatning boshqa hududlaridan tashrif buyurgan polvonlar va chavondozlarga keng maydon berildi. Tuya, xo‘kiz, qo‘chqor kabi katta-katta zotlar qo‘yildi. Musobaqalardagi abjir yigitlarning shijoati barchani junbushga keltirdi.
Tuman hokimi barchani bayram bilan qutladi. Hududda olib borilayotgan ezgu ishlar haqida ta’kidlab o‘tdi.
- O‘tgan yilda qilingan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, Chiroqchi tumanida 2022 yilda jami 265 milliard 143 million so‘m mablag‘ hisobiga 42 ta loyiha amalga oshirilib, 467 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi, – deydi tuman hokimi Nodir Erkayev. – Ayollar daftariga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar va jami “Ayollar daftari” ga kiritilgan 7 ming 555 nafar xotin-qizga 9 milliard 727 million 500 ming so‘m miqdorida amaliy yordam ko‘rsatildi va 2023 yilda ham bu ishlarni davom ettirib 344 nafar tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan. Tumanimiz aholisini har tomonlama sog‘lom bo‘lib ma’naviy yetuk insonlar qatorida bo‘lishi va ishdan bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishlari uchun tumanimiz markazidan oqib o‘tuvchi “Qayerma” kanali ikki qirg‘og‘iga saylgoh qurishni hamda kutubxona, nuroniylar maskani, shaxmat-shashka va shunga o‘xshash sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun sport zallari qurib tumanimiz ahlini turmush tarzini yana ham yaxshi tomonga o‘zgartirishni maqsad qilganmiz.
O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazilib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlar Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda. Xususan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan Navro‘z bayrami arafasida istirohat bog‘larida, mahalla markazlarida, aholi xonadonlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida minglab mevali va manzarali daraxtlar ekildi, qabristonlar atrofi va yo‘laklari tartibga keltirildi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kam ta’minlangan, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, mehr va e’tibor ko‘rsatildi. Shuningdek, bayram arafasida 50 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining sunnat to‘ylari ham o‘tkazib berildi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar ulashildi.
Bayram kunlarini kuy-qo‘shiqlarsiz tasavvur etish qiyin. Shu kuni Hayitko‘l kengliklarini poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlarning sho‘x-sho‘x kuy-qo‘shiqlari egalladi. Tomoshabinlar miriqib raqsga tushdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.