Hayit kuni ehtiyojmandlarni yoʻqlamoq katta savob
Qurbon hayitini barcha yurtdoshlarimiz singari sirdaryoliklar ham oʻz uylarida nishonlamoqdalar.
Qurbon hayitini barcha yurtdoshlarimiz singari sirdaryoliklar ham oʻz uylarida nishonlamoqdalar.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 27-iyul sanasida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida karantin davrida biror-bir ehtiyojmand oila eʼtibordan chetda qolmasligi, kam taʼminlangan aholi qatlamiga moddiy yordam, oziq-ovqat, dori-darmon va antiseptik vositalarni manzilli yetkazib berish tizimi “soat”day aniq ishlashi kerakligi, tizimda temir intizom boʻlishi zarurligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Ehtiyojmand oilalarga Qurbon hayiti munosabati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29-iyul kuni qabul qilingan farmoyishi asosida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi ehtiyojmandlar uchun 5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Hududlardagi 4 ta sektor rahbarlari kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, “Temir daftar”ga kiritilgan, oilasida nogironligi bor oilalarda boʻlib, ularning holidan xabar olmoqdalar, ushbu xonadonlarga birma-bir kirib, har bir oilaga 750 ming soʻmdan naqd pul mablagʻlari, 9 turdagi oziq-ovqat, dori-darmon va antiseptik vositalari tarqatilayotir.
Qurbon hayiti munosabati bilan muhtoj oilalarga tarqatilayotgan mehr-muruvvat yordami Boyovut tumanida ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Tuman hokimi, senator Dilfuza Oʻralova hamda 3 ta sektor rahbarlari boshchiligida tuman boʻyicha 1 ming 18 ta ehtiyojmand oilaga jami 763 million soʻm moddiy yordam puli hamda oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va antiseptik vositalar tarqatilish ishlari poyoniga yetkazilmoqda.
Guliston tumani boʻyicha jami 512 ta turmushi ogʻir kambagʻallik darajasiga tushib qolgan, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalarga jami 384 million soʻm moddiy yordam pul mablagʻlari tuman hokimi Sh.Gʻafurov hamda boshqa sektor rahbarlari boshchiligida Qurbon hayiti bayrami kuni ehtiyojmand oilalar yetkazildi.
Pandemiya davrida kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Mirzaobod tumanida ham jami 440 ta ehtiyojmand oilaga 330 million soʻm pul mablagʻi va bayram sovgʻalari yetkazildi.
Hukumatning tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va koʻmak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam tarqatish maqsadida Oqoltin tumani sektor rahbarlari tumandagi 493 ta oila holidan xabar olib, Qurbon hayiti munosabati Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 493 ta oilaga ajratilgan jami 370 million soʻm pul mablagʻlarini, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va antiseptik vositalarni bayramga tuhfa etdilar.
– Tumanimizdagi 4 ta sektor hududidagi jami 408 ehtiyojmand oilalarga 307 million soʻm moddiy yordam pullari, oziq-ovqat va antiseptik vositalarni Davlatimiz rahbarining bayram tuhfasi sifatida tarqatib chiqdik, – deydi tuman hokimi Botir Mirzaqulov. – Bu mablagʻlar, 1-sektor boʻyicha 141 million soʻm, 2-sektorda 23 million, 3-sektorda 51 million va 4-sektorda 92 million soʻm mablagʻ har bir ehtiyojmand oilaga 750 ming soʻmdan taqsimlanib Qurbon hayiti sovgʻasi sifatida tarqatildi.
– Qurbon hayitini bizning Sirdaryo tumanimiz fuqarolari ham oʻz uylarida nishonlamoqda, – deydi viloyat Kengashi deputati Salohiddin Elmurodov. – Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Sirdaryo tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 791 ta turmushi ogʻir kambagʻallik darajasiga tushib qolgan, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalar mavjud boʻlib, ushbu oilalarga jami 593 million soʻm moddiy yordam pul mablagʻlari ajratilgan. Ushbu mablagʻ va 9 turdagi oziq-ovqat, dori-darmon va antiseptik vositalar sektor rahbarlari boshchiligida har bir oilaga yetkazib berildi.
Shuningdek, Guliston shahri, Xovos tumani, Yangiyer va Shirin shaharlarida ham 4 ta sektor rahbarlari boshchiligida ehtiyojmand, kam taʼminlangan, kambagʻallik darajasiga tushib qolgan, oilasida nogironligi bor, boquvchisini yoʻqotgan oilalar holidan xabar olinib, Qurbon hayiti munosabati bilan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratilgan moddiy yordam mablagʻlari, oziq-ovqat, dori-darmon va antiseptik vositalar tarqatib chiqildi.
Qurbon hayiti kuni ehtiyojmandlarni yoʻqlamoq – savoblar ichida eng katta savobdir, deydi dono xalqimiz. Kuni kecha Sardoba tumanida bu xayrli ish nihoyasiga yetgan boʻlsa, bugun viloyatning qolgan tuman va shaharlarida ham nihoyasiga yetkazilishi belgilab olingan.