“Hasratning shakli” turk tilida nashr qilindi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoir Nosirjon Jo‘rayevning Turkiyada chop etilgan “HASRETİN ŞEKLİ” ("Hasratning shakli") kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, ijodkorning muxlislari hamda yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, dotsent Rahmon Qo‘chqor, filologiya fanlari doktori Rahimboy Jumaniyozov, tarjimon Ogulnur Atayeva va boshqalar so‘zga chiqdi.
— Ijodkor hamisha bugungi zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerak, — dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. — Yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlarni xalqimizga badiiy asarlar orqali ko‘rsatib berish bugun juda dolzarbdir. Nosirjon Jo‘rayev ham tezkor davrdagi beorom, tinchimas shoirlardan. Turkiyada chop etilgan ushbu kitobi esa turk kitobxonlari uchun shoir ijodining qardosh tilda jaranglashi bilan ahamiyatlidir.

Keyingi yillarda qardosh mamlakatlar, xususan Turkiya bilan adabiy aloqalar yanada kengaydi. Ijodkorlar o‘rtasida ham do‘stlik munosabatlari tobora mustahkamlanib bormoqda. Ushbu kitob ham xalqlarimizning nainki adabiy jihatdan, balki ko‘ngillarini ham bir-biriga yaqin qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
— Millatni elat bilan, tillarni til bilan bog‘laydigan vosita bu — tarjimadir, — dedi Rahimboy Jumaniyozov. — Nosirjonning ushbu kitobini varaqlar ekansiz, shoirning qayg‘ulari, tuyg‘ulari, chizgilari, sezgilari bilan oshno bo‘lasiz. Bunda esa chin ma’noda hasratning shakl-shamoyilini anglaysiz, ko‘rasiz.
Istanbulning “Artshop” nashriyotida chop qilingan mazkur kitobga shoirning so‘nggi yillarda yozgan eng sara she’rlari tarjima qilib jamlangan.
She’rlarni o‘zbekchadan turk tiliga Rahmat Bobojon tarjima qilgan.
—Ilmiy izlanishlarim davomida Nosirjon Jo‘rayev she’rlarini tarjima qilar ekanman, har bir misrada qandaydir jumboq, boshqa yo‘nalish borligiga guvoh bo‘ldim, — dedi tarjimon Ogulnur Atayeva. — Ijodini qayta-qayta o‘qiganimda o‘zimni o‘zga olamga tushib qolganday his qildim. So‘zlarida zalvor borligini angladim.
Tadbirda muallif ijodiy jarayondagi kechinmalari bilan o‘rtoqlashdi.
[gallery-14819]
Shu bilan birga, Rahimboy Jumaniyozov Notiqlik san’ati akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda “Xorijiy mamlakatlarda milliy she’riyatning jozibasi va nafosatini tarannum etishdagi jo‘shqin ijodiy faoliyati uchun” nominatsiyasining g‘olibi bo‘lgani uchun Nosirjon Jo‘rayevga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
San’atkorlar tomonidan shoir she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi.
N.Usmonova,
Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA