Hashar yurtimizga yanada ko‘rk bag‘ishlamoqda
Mamlakatimizda davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!" shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya obodonlashtirish hashari davom etmoqda .
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugun kunning birinchi yarmida umumxalq xayriya hashari davomida samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 9 ming 551 gektardan ortiq maydonlar obodonlashtirildi va sanitar tozalandi. 8 ming 564 tonnadan ziyod chiqindilar chiqarib tashlandi. 6 ming 459 kilometr uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalandi. 5 ming 801 ta qabriston va 448 ta ziyoratgoh obodonlashtirilib, tartibga keltirildi. 3 million 439 mingdan ziyod daraxtlar oqlanib, ularga shakl berildi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 5 ming 238 ta texnika vositalari jalb etildi.

Shuningdek, hashar kuni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. Xususan, 4 ming 16 ta kam ta’minlangan oilaning 123 ming metr kvadratdan ziyod uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. 6 ming 833 ehtiyojmand oila, shundan 2 ming 367 nafar nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Mazkur xayriya tadbirlari orqali 2 milliard 198 ming so‘mga yaqin, shundan 117 million so‘mdan ortiq mablag‘ “Mahalla” fondi hisobidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatishga sarflandi.
Bundan tashqari, mahallalarda 79 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa ob’ektlar, jumladan, 12 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi (go‘zallik saloni, sartaroshxona, kutubxona, dorixona, novvoyxona, nuroniylar markazi va boshqalar), 12 ta savdo ob’ekti, 2 ta ishlab chiqarish sexi, 25 ta mahalla binosi, 4 ta bolalar sport maydonchasi, 24 ta boshqa ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
O‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 6 million 99 mingdan ziyod fuqarolar, shundan 3 million 520 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Umumxalq hayriya hashari davom etmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA