Harbiylikka havasmand yoshlar bellashuvi
FOTOREPORTAJ
Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizonidagi harbiy qismda “Amir Temur o‘g‘lonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” shiori ostida musobaqa o‘tkazildi.
Samarqand viloyati harbiy-ma’muriy sektor rahbari sovrini uchun viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10- va 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada har bir tuman hamda shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 ta jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar musobaqa nizomiga ko‘ra, “Safda qo‘shiq aytish”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish” va “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari bo‘yicha bellashdi.
[gallery-5189]
Musobaqa hakamlari tomonidan barcha shartlar yakuni bo‘yicha eng faol ishtirok etgan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 57-umumta’lim maktabining “Qalqon” jamoasi g‘olib deb topildi. Ikkinchi o‘rin Paxtachi tumani o‘quvchilariga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni pastdarg‘omlik o‘quvchilar qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari hamda ishtirokchi o‘quvchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari topshirildi. E’tiborlisi, o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari A. Norboyev, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni A. Saidov va bir guruh faxriylar tomonidan taqdirlandi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA