Harbiylarning homiylik xayriyalari
Xalqimizga xos boʻlgan insonparvarlik, odamiylik, mehr-muruvvat, ayniqsa, bugun mamlakatimiz va fuqarolarimiz boshiga ogʻir sinovlar tushganda namoyon boʻlmoqda.
Xalqimizga xos boʻlgan insonparvarlik, odamiylik, mehr-muruvvat, ayniqsa, bugun mamlakatimiz va fuqarolarimiz boshiga ogʻir sinovlar tushganda namoyon boʻlmoqda. COVID-19 koronavirus pandemiyasi dunyoning 185 dan ortiq mamlakatini qoʻrquv iskanjasiga olib, bizga mushkul sinovlarni yuborayotgan bir paytda muhtoj boʻlgan yurtdoshlarimizga xalqimiz birlashib, birgalikda yordam qoʻlini uzatmoqda.
Kuni kecha Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugining Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Nukus shahar homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish markaziga muhtoj oilalar uchun birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.

Ushbu mahsulotlar markaz va koʻngilli harbiy xizmatchilar tomonidan Nukus shahridagi Qumovul mahallasida istiqomat qilayotgan va kam taʼminlangan 13 oilaga dezinfeksiya talablariga rioya etgan holda tarqatib berildi.
– Harbiy xizmatchilarimiz tashabbusi bilan 13 oila uchun 3 kilodan kartoshka, sabzi, piyoz, 1,5 kilodan guruch va un mahsulotlari hamda kungaboqar yogʻi koʻngilli ravishda homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish markaziga taqdim etilgach, kam taʼminlangan oilalarning uylariga tarqatib berildi. Karantin vaqtida uyida oʻtirgan yurtdoshlarimizning sogʻligʻini saqlash va ularga amaliy yordam berishga biz, harbiy xizmatchilar ham doim tayyormiz, – deydi harbiy qism komandirining oʻrinbosari podpolkovnik Abduvohid Bozorov.
Koronavirus pandemiyasi yurtimizga kirib kelishi va undan keyin joriy etilgan karantin choralari vaqtida insonparvar yurtdoshlarimiz, davlat va jamoat tashkilotlarining tashabbusi bilan nuroniylar, kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarga xayriya tariqasida birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ulashish xalqimizning naqadar insonparvarligini koʻrsatib kelmoqda. Taʼkidlash joizki, yaqinda Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilib kelayotgan harbiy xizmatchilar ixtiyoriy ravishda bir kunlik ish haqlarini mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida tashkil etilgan “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga begʻaraz oʻtkazib berishgan edi.