Harbiylarning farzandlariga tavsiyanoma berildi
Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, oilalarda ma’naviy-ruhiy holatni mustahkamlash maqsadida Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on hamda Navoiy garnizonlaridagi harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori talablariga muvofiq 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar xodimlarining farzandlariga oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun besh foizli kvota hamda burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish to‘g‘risida tavsiyanomalar berilishi belgilangan.
Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga alohida e’tibor ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. Marosimda 84 nafar yigit-qizga besh foizli kvota asosida o‘qishga kirish to‘g‘risidagi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
– Ushbu tavsiyanomaga loyiq deb topilganimni eshitib, harbiyning farzandi ekanligimdan faxrlandim, – deydi Gulira’no Ikromjonova. – Albatta, harbiylar farzandlari qatori mening ham bunday imtiyozga erishishim katta baxt. Biz yoshlar yaratilayotgan imkoniyatlarga javoban kelajakda tanlagan sohamizning yetuk kadrlari bo‘lib yetishib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shamiz.
Shuningdek, okrug qo‘mondonligi marhum harbiy xizmatchilar kichik serjant Akobir G‘afforovning o‘g‘li Jasurbek Usmonqulovga hamda mayor Bobomurod Tojiyevning qizi Dilbaroy Tirkashevaga o‘zlari tahsil oladigan maktablarida tengdoshlarining guvohligida tantanali ravishda imtiyozli tavsiyanomalarni topshirdi.
[gallery-11745]
Tadbirda marhum harbiy xizmatchilarning xotirasi yod etildi.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA