Harbiylar nogironlar holidan xabar oldi
O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlariga qarashli Buloqboshi tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida hududdagi mahalla, umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ayozli kunlarda hududdagi nogironlar, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilayotgan saxovat tadbirlari doirasida harbiy qism askar va zobitlari mahalla faollari bilan hamkorlikda bir guruh nogironlar holidan xabar olib, ularga sovg‘a-salomlar ulashdi.
– Og‘ir kunlarda ehtiyojmand insonlarga saxovat ko‘rsatish xalqimizga xos an’ana, – deydi harbiy qism bo‘linma komandirining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, leytenant Boburjon Oltiboyev. – Ana shundan kelib chiqib, ayozli kunlarda ko‘ngli o‘ksik insonlarga oz bo‘lsa-da yordam berishga, ularning ko‘ngillarini ko‘tarishga harakat qildik.

Harbiylar tomonidan Buloqboshi tumanidagi Navoiy mahallasi Jasorat ko‘chasida yashovchi, 1- guruh nogironi Bekzod Abduvahobov, G‘uncha ko‘chasida yashovchi, 2- guruh nogironi Mohlaroy G‘aniyeva hamda Ravnaq ko‘chasida yashovchi, 1-guruh nogironi Oydinoy Jabborovga sovg‘alar topshirildi.
Harbiy qism rahbariyati tomonidan ehtiyojmand aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuqoridagi kabi xayrli ishlar davom ettirilmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA