Harbiy xizmatchilarning pensiyasi oshiriladi
Harbiy xizmatchilarning yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdagi o‘rni va fidoyiligi alohida o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi.
O‘tgan yillar davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining pensiya ta’minotiga oid masalalar mustaqilligimizning dastlabki yillaridagi hujjatlar asosida amalga oshirib kelingan. Ya’ni, bu borada yaxlit qonunchilik asoslari mavjud emas edi.
Shundan kelib chiqib, “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Parlament quyi palatasi majlisida ushbu qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Deputat Kozim Tojiyevning qayd etishicha, loyiha bilan harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini davlat pensiyalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini qonun bilan belgilash, ushbu pensiyani tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibiga oid normalar takomillashtirilmoqda.
Harbiy xizmatda 30 yildan ortiq xizmat qilgan xodimlar uchun pensiyaning bazaviy miqdorini aniqlashda ish haqining hisobga olinadigan miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, pensiya tayinlashda asos bo‘ladigan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini 10 baravaridan kelib chiqib hisoblash amaliyotini 12 baravaridan kelib chiqib amalga oshirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, loyihada nogironlik pensiyasi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, pensiyalarni hisoblash, tayinlash, to‘lash va qayta hisoblash bilan bog‘liq masalalar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun kompensatsiya to‘lovlari qamrab olingan.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasidagi normalar harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA