Harbiy xizmatchilarga mukofotlar topshirildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.Qo‘ldoshev bayram munosabati bilan faxriylar, harbiy xizmatchilar va xizmatchilarni qizg‘in qutladi.


Tadbir doirasida Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq davlat mukofotlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi”, “To‘maris”, vazirlikning “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, esdalik qo‘l soati va nishoni, “Faxriy yorliq” va ofitserlarga nabatdagi harbiy unvonlar tantanali topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida FVV akademiyasi orkestri tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.


Yakunda qutqaruvchilarning murakkab ish kunlari va ularning favqulodda vaziyatlarda ko‘rsatgan jasoratiga bag‘ishlab, Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda suratga olingan “Qutqaruvchi” hujjatli filmi namoyish etildi.
Filmda so‘nggi yillardagi eng yirik favqulodda vaziyatlar xronikasi hamda qutqaruvchilar tomonidan ularni bartaraf etish jarayonlari aks ettirilgan.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA