Harbiy xizmat va universitetda o‘qish ish stajiga kiradimi?
Ma’lumki, pensiya yoshiga yetganda yoki mehnat stajini hisoblashda fuqarolarni eng ko‘p qiziqtiradigan masalalardan biri — oliy ta’lim muassasasida o‘qigan yillari va harbiy xizmat davri umumiy ish stajiga qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligidir. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bu ikkala davr ham ish staji sifatida e’tirof etiladi, biroq ularning hisobga olinishi o‘ziga xos shart va talablarga ega.
Harbiy xizmat va oliy ta’limda o‘qish davrlarini fuqarolarning umumiy mehnat stajiga kiritilishi davlat tomonidan ijtimoiy himoyani ta’minlashning muhim vositalaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuni ushbu davrlarni stajga qo‘shishni kafolatlaydi. Biroq, amaliyotda o‘qish turi va umumiy mehnat faoliyati muddatiga qarab muayyan shartlar belgilangan.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Ha, harbiy xizmat va universitetda (oliy ta’lim muassasasida) o‘qish davrlari ish stajiga kiradi. O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuni 37-moddasiga asosan, ushbu davrlar pensiya tayinlashda mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi, biroq ularning o‘ziga xos shartlari mavjud:
Jumladan, muddatli va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat, Milliy gvardiya, DXX va IIV organlaridagi xizmat davrlari to‘liq kiradi. Bu davrga qo‘shilishi uchun fuqaroda oldindan boshqa ish staji bo‘lishi talab etilmaydi. Harbiy chipta asosida tasdiqlanadi.
Oliy ta’lim muassasalari, aspirantura, doktorantura va klinik ordinaturadagi faqat kunduzgi (kunduzgi ta’lim shaklida) o‘qish davri hisobga olinadi. Oliygohdagi o‘qish davri ish stajiga qo‘shilishi uchun fuqaroning kamida 7 yillik umumiy ish staji bo‘lishi shart.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA