Harbiy shifokorlardan xayrli tashabbus
Mudofaa vazirligining Termiz harbiy gospitali shifokorlari Surxondaryo viloyatining olis va chekka qishloqlarida bo‘lib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida boshlangan tibbiy ko‘rikka harbiy gospitalning eng tajribali pediatr, terapevt, ginekolog, oftalmolog, lor, nevrolog, endokrinolog kabi shifokorlari jalb etilgan. Shuningdek, aholi UTT va EKG tekshiruvlaridan ham o‘tkazilmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali shifokorlari “Xotin-qizlar reproduktiv salomatligi – sog‘lom kelajak asosi”, “Koronavirus kasalligi haqida tushuncha va uning salbiy oqibatlari” singari mavzularda profilaktik suhbatlar tashkil etayotir.
– Tibbiy ko‘rikning ahamiyati shundaki, kasalliklar barvaqt aniqlanib, erta davolanadi, – deydi Termiz harbiy gospitali boshlig‘i, mayor Muhiddin Sharopov. – Xastalikning surunkali holatga o‘tib ketishining oldi olinib, inson umri uzayadi, sog‘lom avlod dunyoga keladi. Aslida viloyatning olis, tog‘li va chekka hududlaridagi aholiga ko‘rsatayotgan bu xizmatimiz ham keyingi besh yilda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, xalq bilan armiya o‘rtasida yakdillikni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar samarasidir.
Harbiy shifokorlar qisqa kunlarda tog‘li Boysun tumanining eng chekka Yuqori Machay, Keng dala va Qiziriq tumanining Zariobod mahallalarida bo‘lib, olis qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
– Mahallamizga bizning sog‘ligimizni o‘ylab, harbiy shifokorlar kelishini tasavvur qila olmas edik, – deydi Keng dalalik Baxtigul Salomova. – Albatta, o‘z vaqtida o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik doimo sog‘lom bo‘lib yurish imkonini beradi. Bir buyragimni farzandimga berganman. Ko‘pdan buyon sog‘ligimni bilish uchun UZIga tushmoqchi bo‘lib yurgan edim. Lekin, olis yo‘l bosib, tuman markaziga borishni o‘ylab turgandim. Mana, baxtimga qishlog‘imizga kutilmaganda harbiy shifokorlar kelib qoldi. Shu yerning o‘zida tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Malakali shifokorlar sog‘ligim yaxshi ekanini aytib, tuman markazidagi shifoxonadan vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishimni tavsiya etdi. Bepul dori-darmon berdi.
O‘tkazilayotgan tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra, kasallik aniqlangan kishilarga tegishli tavsiyalar, davolanish uchun yo‘llanmalar berilmoqda. Yotib qolgan va harakatlanishi cheklangan insonlarning uylarida tibbiy ko‘rik tashkil etilayotir.
Termiz harbiy gospitalining “yo‘l xaritasi”ga muvofiq bu kabi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik viloyatning boshqa tumanlaridagi olis, chekka va tog‘li qishloqlarda o‘tkaziladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA