Harbiy qismda uch avlod uchrashuvi
Harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida Samarqanddagi Markaziy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni oldidan tashkil etilgan tadbir avvalida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Samarqand mintaqaviy bo‘linmasi a’zolari, Samarqand shahridagi 54-umumta’lim maktabi, 1-son ixtisoslashtirilgan maxsus litsey-internat o‘quvchilari va jamoatchilik vakillari harbiylar hayoti bilan tanishib, harbiy texnik va qurol-aslahalar ko‘rgazmasini tomosha qildi.
[gallery-21076]
Shundan so‘ng harbiy qism ofitser, serjant va askarlari hamda o‘quvchi-yoshlar, jamoatchilik kengashi a’zolari va faxriylarning uchrashuvi o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi huzuridagi jJamoatchilik kengashi Samarqand mintaqaviy bo‘linmasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, Markaziy okrug faxriylar kengashi raisi Shodmon Azizov tadbir qatnashchilarini Yangi yil bayrami va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining salohiyati va harbiy xizmatchilarning jangovor tayyorgarligini oshirish borasida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Keksa avlod vakillari – harbiylar va ijodkorlar, olimlar o‘z hayotlari, ish tajribalari haqida gapirib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Uchrashuvda Vatan, jasorat va tinchlik madh etilgan she’rlar o‘qilib, qo‘shiqlar ijro etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari