Harbiy qismda kitob yarmarkasi tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarning birida “Kitob – xazina, bilim – boylik” shiori ostida kitob yarmarkasi o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Yarmarkada 400 dan ziyod nomdagi badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar sotuvga qo‘yildi. Jumladan, milliy va jahon mumtoz adabiyoti namunalari, zamondosh ijodkorlarning asarlari, ilmiy-ommabop, bolalar kitoblari harbiylarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-15730]
Tadbirda harbiylar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
- Harbiy qismimizda tez-tez ana shunday tadbirlar tashkil etib turiladi, - deydi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchisi, serjant Muhammaddavid Shokirov. - Bu galgi kitob savdosida kattayu kichiklarning sevimli kitoblari borligi barchani o‘ziga jalb etdi. Ayniqsa, bolajonlar quvonishdi. Bunday tadbirlar yanada ko‘proq tashkil etib turilsa kitobxonlik madaniyati yuksaladi, qiziqish ortadi.
Tadbir so‘ngida harbiylar va ularning oila a’zolarini qiziqtirgan kitoblar, kitobxonlik, kitob qahramonlari haqida suhbatlar tashkil etildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA