Har zamon, har makonda ulug‘vor Navoiy
Jahon adabiyotida betakror ijodkorlar bisyor.
Biroq buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning saxovatga, ezgulikka to‘la ibratli hayoti, benazir ijodi, uning ma’rifiy merosi insonparvarlik, poklik, ma’naviy yuksaklikka yo‘g‘rilgani bilan hozirgacha jahon olimlari, so‘z san’ati muxlislari, kitobxonlar, adabiyot fidoyilarining e’tibori, hayrati, qiziqishi, havasini o‘ziga jalb etmoqda, bashariyatning yuksak e’tirofida bo‘lib kelmoqda.
Poytaxtimizdagi ulug‘ bobokalonimiz nomi bilan ataluvchi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan tantanali tadbirda bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Tantanali tadbirda turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, chet ellik navoiyshunos olimlar, adabiyot muxlislari ishtirok etdi. Teatr foyesida Alisher Navoiy ijodiyotiga oid kitoblar va miniatyura san’ati asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, atoqli navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinov yangilanib borayotgan jonajon O‘zbekistonimizda ma’naviy-ma’rifiy islohotlarga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladilar.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilingan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida yorqin voqelik bo‘lishi bilan birga jahon miqyosida ham keng aks-sado berdi. Darhaqiqat, mazkur hujjatda qayd etilganidek, benazir shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nainki xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi.
Alisher Navoiy ordenini ta’sis etishga oid tashabbus mutafakkir bobomizning o‘lmas merosiga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy ifodasidir. Ayni paytda mamlakatimizda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etilgani ulug‘ zot ijodini jahon miqyosda o‘rganishda muhim omil bo‘lmoqda. Hozirda mazkur fond hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Alisher Navoiy asarlarini chet tillariga tarjima etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– O‘zbekistonni barchamiz juda yaxshi ko‘ramiz, — dedi ozarbayjonlik navoiyshunos olim Ramiz Asker. – Sababi bu diyor qadim tarixga, betakror madaniyatga, eng go‘zal me’moriy obidalarga, Samarqand, Buxoro kabi ko‘hna shaharlarga, maftunkor tabiatga ega bo‘lishi bilan birga adolat ramzi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburni jahonga berdi. Navoiyning bir qator asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima etdim. Nizomiy Navoiydan uch asr avval yashagan. Alisher Navoiy o‘z asarlarida Nizomiyga bo‘lgan ehtiromini bildirib, uni she’riyatning quyoshi, deb ataydi. Ayni paytda Alisher Navoiy “Xamsa” yaratgan shoirlar safidagi turkiyda ijod qilgan yagona shoirdir. Zero, Navoiy turk adabiyoti uchun buyuk ibratdir.
– Navoiyning ijodi adabiyot, san’at ahlini doim o‘ziga jalb etib kelgan, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton. – Keyingi yillarda Navoiy ijodiga oid tadqiqotlar qamrovi yanada kengaydi. Ulug‘ shaxslar siymosini yaratish har bir ijodkorning orzusidir. “Alisher Navoiy” nomli romanni yozishga muyassar bo‘ldim. Bu asar mamlakatimizdagi ijod erkinligi sababli yuzaga keldi. Mo‘’tabar ajdodlarimiz, ularning shon-sharafga burkangan hayoti kelgusida ham yangi-yangi asarlarda o‘z aksini topaveradi.
– Navoiy – turk dunyosini birlashtiruvchi buyuk daho, – dedi turkiyalik olim Abdurahmon Go‘zal. – U – nomdor davlat arbobi, so‘z san’atkori, ham benazir shoirdir. Bizlarni bunday anjumanga Navoiyning pok ruhi birlashtirib turibdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Alisher Navoiy Turkiyadagi eng sevimli shoirdir. Nazarimda O‘zbekiston nainki geografik jihatdan, balki adabiyot, ma’naviyat, ma’rifat jihatdan ham turk dunyosining markazidir. Bu tabarruk zaminda yaratilgan asarlar Yevropa xalqlarining tillariga tarjima etilgan va shu orqali dunyoga chiqqan. Navoiy – dunyo kitobxonlari, olimlari tomonidan hali hamon katta qiziqish bilan o‘qib, o‘rganilayotgan shoir.
– Alisher Navoiy shaxsiyati G‘arbu Sharqda, butun Yer qirrasida bashariyatning eng saxovatpesha siymosi, odil siyosatchi, orif inson sifatida nom qozongan, – dedi eronlik professor Ehson Qabul. – Garchi ul zot temuriylar davrida yashagan bo‘lsa-da, har zamon, har makonlarda ulug‘vordir. U asarlar osha ma’naviyat va ma’rifatga da’vat etmoqda. Alisher Navoiyning Hirot, Mashhad, Astroboda bunyod etgan inshootlari hayratlanarlidir, lekin shu bilan birga uning sir-sinoatlarga, ezgu g‘oyalarga to‘la asarlari undan ham qimmatliroqdir. Alisher Navoiy O‘zbekiston, Afg‘oniston, Tojikiston, Eron kabi davlatlar uchun hamjihatlik va do‘stlik ramzidir. Uning g‘oyalari sabab bizning maqsad-muddaolarimiz hamohang. Navoiy bizlarga do‘stlik va birodarlikka asoslangan vatan qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tantanali tadbirda Alisher Navoiyning hayoti va ijodining targ‘iboti borasidagi ishlar haqida batafsil so‘z yuritildi. San’at ustalari, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, yosh ijrochilar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA