Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z!
Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!
Yurtimizda bahor nafasi kezmoqda. Har kuni, kun ora yomg‘ir yog‘ib, ariqlar suvga to‘lmoqda. Tabiat uyg‘onib, jonzotlar g‘imirlab qoldi. Bahorning ilk gullari – boychechagu qoqigullar, maysalar bo‘y ko‘rsatib, dov-daraxtlar yashillikka burkana boshladi.

Har yili yurtimizda milliy an’ana va qadriyatlarimizni o‘zida mujassamlashtirgan Navro‘z ayyomi o‘zgacha nishonlanadi. Ayniqsa, bahor fasli darakchisi, nafosat bayrami hisoblangan Navro‘z sayillari turli hududlarda bir-birini takrorlamagan, o‘ziga xos an’analarga asoslangan holda o‘tkaziladi.
“Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh g‘oya asosida bu yilgi bayram Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahrida ham milliylik va an’analarimizni o‘zida jo aylagan tadbirlar bilan boshlandi.
Dastlab shahar madaniyat bo‘limi xodimlari va folklor jamoasi ushbu sayil va tadbirlarni o‘ziga xos chiqishlar bilan boshlab berdi.

Keksa yoshdagi otaxonlar o‘z nabiralari bilan mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi. Bu esa nuroniylarimizning ham “Yashil yillik” umummilliy tadbiriga befarq emasligi, yoshlarga o‘rnak ekanligi belgisidir.
Xush kayfiyat, bolalarning shodon kulgusi va keksalarning duolari bilan boshlangan Navro‘z saylida ming yillik an’analar va udumlar qayta jonlandi.
– Navro‘zi olam G‘ozg‘on shahrida ham ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda, – deydi shahar hokimi Azimjon Bozorov. – Bayram arafasida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Kam ta’minlangan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, bemor yurtdoshlarimiz holidan xabar olinmoqda. Bayram saylida yoshlarimiz o‘rtasida xalq milliy o‘yinlarimizdan arqon tortish, bilak kuchini sinash, besh tosh kabi o‘yinlar tashkil etilmoqda. Ayniqsa, nuroniylarimizning yosh avlod vakillari bilan tashkil etilayotgan uchrashuvlarida tariximiz va bugungi kunimizda amalga oshirilayotgan ishlarimiz, o‘z hayotiy tajribalari haqidagi fikrlari, pand-nasihatlari yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasida o‘ziga xos o‘rin tutmoqda.

Sayil davomida momomeros yumushlardan biri ip yigirish, paxta savalash kabi hunarmandchilik ishlari yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Har bir mahalla, har bir tashkilot va korxonalarda nishonlanayotgan Navro‘zi olam tadbirlarida dasturxonlarga sumalak, ko‘k somsa, osh kabi milliy taomlarimiz tortilmoqda.

Kuy-qo‘shiqlar va raqslar davralarga ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda. Navro‘z sayillari barcha mahalla va qishloqlarda davom etayapti.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA