Har lahzada baxtiyorlik hissi bor
Yurtimiz kundan-kunga chiroy ochmoqda.
Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Yurtimiz kundan-kunga chiroy ochmoqda. Har yonda obodlik, farovonlik shukuhi kezib yuribdi. Bu oʻzgarishlardan hamyurtlarimiz koʻzida quvonch, shukronalik tuygʻusi seziladi. Mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami arafasida odamlarimiz qalbi yanada quvonchga toʻlgan.
Shu ulugʻ bayram arafasida Toshkent mehmonlar bilan yanada gavjum, serfayz shaharga aylangan. OʻzA muxbiri poytaxtimiz mehmonlarining bugungi islohotlarimiz haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Ijobat ISAYEVA, pensioner (Toshkent viloyati Qibray tumani):
– Zamon shiddat bilan taraqqiy etib borayapti. Unga tenglashish, zamondoshlar bilan bir qatorda boʻlish kishidan tinimsiz harakat, izlanishni talab qiladi. Mamlakatimizda zoʻr imkoniyatlar davri boshlandi. Ustimiz but, qornimiz toʻq, erkimiz qoʻlimizda, hayotimiz kundan-kun farovon boʻlmoqda. Shukr qilamiz, albatta.
Mustaqillik bizga orzu qilishni, havas bilan yashashni oʻrgatdi. Bugun har birimiz munosib hayot kechirayapmiz. Obod yurt fuqarosi sifatida baxtli yashar ekanmiz, jamiyatimiz ham yuksala boradi.
Nabiralarim bilan tez-tez Toshkentga kelib turamiz. Bogʻu xiyobonlarni, bozorlarni aylanamiz. Yangi qurilishlarni koʻrib, quvonamiz. Bu ishlar mamlakatimiz miqyosida ham amalga oshirilayotgani esa bir quvonchimizga ming quvonch qoʻshadi.
Qibrayda ham yangi guzarlar, istirohat bogʻlari, sayilgohlar barpo etilmoqda. Biz Xoʻjaqoʻrgʻon qishlogʻida yashaymiz. Odamlarimiz ongi oʻzgarib bormoqda. Yaxshi yashash uchun intilish kuchaygan. Serfayz, yangi uylarda barcha sharoit bor.
Turmush oʻrtogʻim bilan toʻrt farzandimizni uyli-joyli qildik, oʻqitdik. Bugun mustaqilligimizga shukrona aytib, tinch va osoyishta zamonda farzandlarimiz haqqiga duo qilib, nabiralarni oʻqimishli qilib tarbiyalayapmiz. Shuning oʻzi katta baxt.
Ilohim, Prezidentimiz boshlagan ezgu ishlar bardavom boʻlsin. Niyatlarimizga yetaylik.
Muqimjon NURBUVAYEV, tadbirkor (Andijon viloyati Marhamat tumani):
– Bugun odamlarning dunyoqarashi oʻzgardi. Hammamiz xursandmiz. Mamlakatimizda boʻlayotgan bunyodkorlik ishlari tahsinga loyiq. Bu jarayondan hech birimiz chetda emasmiz, hech kim beeʼtibor ham qolmayapti. Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari olib borayotgan odilona siyosat, millatimiz, xalqimizning yanada yaxshi yashashi uchun qilinayotgan ishlar insonga oʻzini baxtli his qilish tuygʻusini bermoqda.
Mahallamizda ham odamlar yashash tarzi oʻzgargan. Kitob mutolaasiga qiziqish ortmoqda, kitobxonlik madaniyati shakllanmoqda. Bolalarimiz zamonaviy maktablarda oʻqimoqda. Ularning ingliz, rus tillarida ham ravon gapirishini koʻrib havas qilasan kishi.
Bozorlarimiz qishin-yozin sarxil mevalar bilan toʻla. Dehqonlarimiz javlon urib mehnat qilmoqda. Tadbirkorlarimiz biznesni doʻndirib, elga nafi tegayotir.
Bunday yurtga faqat toʻylar, bayramlar yarashadi. Shoirona aytganda, Vatanimizni boricha sevaylik, qadrlaylik. Koʻzimiz qarogʻida, qalbimiz ardogʻida asraylik.