Har bir so‘zda millat ruhi
Til — millatning tarixi, ma’naviyati va o‘zligini o‘zida mujassam etgan beqiyos qadriyat. Uning nufuzi va mavqeini yuksaltirish esa nafaqat tilshunoslar, balki butun jamiyatning ma’naviy vazifasidir. Shu ma’noda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan Buxoroda o‘tkazilgan “Ommaviy diktant” xalqaro marafoni alohida ahamiyat kasb etdi.
Buxoro davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan “Har bir so‘zda millat ruhi, har bir yozuvda til g‘ururi!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, mas’ul xodimlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi. Mazkur tashabbus mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, uning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan hamohangdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan va ta’lim tili sifatidagi imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat tiliga oid qonunchilikni takomillashtirish, uni o‘rganish va qo‘llash uchun yangi imkoniyatlar yaratish, til madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ishlar bu boradagi ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.

Buxoroda o‘tkazilgan “Ommaviy diktant” ham ana shu jarayonning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning ahamiyati faqat diktant yozish bilan cheklanmaydi.
— Marafonning asosiy maqsadi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish, aholining yozma savodxonligini oshirish hamda ona tilimizga bo‘lgan mehr va ehtiromni mustahkamlashdan iborat, — deydi Buxoro davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Ma’murov. — Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar diktant yozish orqali o‘z bilim va savodxonlik darajalarini sinovdan o‘tkazdi. Bu jarayon ishtirokchilarga imlo qoidalarini mustahkamlash, so‘z boyligini oshirish va ona tilimizning boy imkoniyatlarini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.
Darhaqiqat, yozma savodxonlik — til madaniyatining muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Insonning fikri qanchalik teran bo‘lmasin, uni aniq va ravon ifoda eta olishi uchun til me’yorlarini bilishi zarur. Shu nuqtai nazardan, ommaviy diktant kabi tadbirlar ishtirokchilarni o‘z ustida ishlashga, imlo qoidalariga e’tiborli va tilga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga undaydi.
Marafonning yana bir e’tiborli jihati — unda Hindistondan kelgan talabalarning ham ishtirok etgani bo‘ldi. Xorijlik yoshlarning o‘zbek tilida diktant yozishi nafaqat tadbirga xalqaro ruh bag‘ishladi, balki ona tilimizga xorijda ham qiziqish ortib borayotganini namoyon etdi.

Hindistonlik talabalarning o‘zbek tilida yozishga intilishi, uning imlo qoidalarini o‘zlashtirishga harakat qilishi va tilning boy imkoniyatlarini anglashga qiziqishi — o‘zbek tilining muloqot vositasi sifatidagi doirasi tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Bugun o‘zbek tili nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy ta’lim muassasalarida ham o‘rganilmoqda. Bu jarayon tilning madaniy va ma’rifiy salohiyatini dunyoga kengroq tanitish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu ma’noda, “Har bir so‘zda millat ruhi, har bir yozuvda til g‘ururi!” shiori ostida o‘tkazilgan xalqaro marafonning mazmuni bir tadbir doirasidan ancha keng. Zero, tilga ehtirom uni to‘g‘ri yozishdan, to‘g‘ri so‘zlashdan va kundalik hayotda mas’uliyat bilan qo‘llashdan boshlanadi.

Bunday tashabbuslar yosh avlod ongida ona tiliga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytiradi, yozma va og‘zaki nutq madaniyatini yuksaltiradi. Eng muhimi, tilni asrash va rivojlantirish faqat bayram sanalarida emas, balki har kuni amalga oshiriladigan ma’naviy vazifa ekanini yana bir bor eslatadi. Zero, millatning o‘zligi uning tilida namoyon bo‘ladi. Til yashasa — millatning tarixi, xotirasi va ma’naviy merosi ham barhayotdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri