Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
Do‘stlik tumanida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning fuqarolar uchun sayyor qabuli va yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Qabul oldidan mahalliy tadbirkorlar va fermerlar tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Qabulda davolanish va dori-darmon, uy-joy ta’miri, safarbarlik chaqiruv rezervi, oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan talabalarning to‘lov kontrakti va boshqa maqsadlar uchun bir guruh fuqarolarga moddiy yordam pullari ajratildi.
Murojaatlarni qonun doirasida belgilangan muddatlarda o‘rganib, ijobiy hal etish bo‘yicha viloyat hokimining o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilot rahbarlari, tuman hokimi va sektorlari mas’ullari zimmasiga vazifalar yuklatildi.
[gallery-9287]
Unda 10 nafar talabgorga 23 million so‘mlik kredit asosida 3 g‘ildirakli mototsikl kalitlari topshirilgan bo‘lsa, joriy yil davomida 30 dan ortiq talabgor kredit asosida 3 g‘ildirakli mototsikllarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, qabulda 12 nafar ayolga o‘zini o‘zi band qilishi uchun 60 million so‘mlik tikuv mashinalari tarqatildi.
– Uy bekasiman, tikuvchilikdan xabardorman, – deydi G‘afur G‘ulom nomli mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Farog‘at Ortiqova. – Lekin tikuv mashinam yo‘qligidan bu mashg‘ulot bilan shug‘ullana olmasdim. Sayyor qabulda menga zamonaviy tikuv mashinasi berildi. Endi o‘z-o‘zimni band qilib, oilamiz byudjetiga hissa qo‘sha olishimdan xursandman.
Band bo‘lmagan 2 fuqaroga 17 million so‘mlik inkubator apparati ham topshirildi. “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 10 nafar ehtiyojmand ayolga 40 million so‘mlik dori-darmon va davolanish uchun moddiy yordam ajratildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA