Har bir ishsiz shaxs avvalo insondir
Ishsizlik sabab ma’naviyat, ongu tafakkur deb atalmish oltin xazinaga boy ko‘hna sandiqni ham qo‘shib sotib yuborishimiz mumkin. Ishsizlik odamning boshiga ne-ne kulfatlarni keltirishi barchamizga ma’lum.
Ishsizlikning ildizi judayam chuqur. Kapitallashgan dunyoda inson mehnat resursi, tovar, kattagina foyda olish vositasiga aylantirilgan. Boshqacha aytganda, bozor uchun u xuddi stanok, xom ashyo, energiya kabi qadr-qimmatga, o‘z narxiga ega. Qayerda ana shunday “tovar” arzon bo‘lsa, o‘sha yerga salmoqli investitsiya kirib boradi. Bunga Xitoy, Hindiston, Malayziya kabi davlatlar tajribasini misol sifatida keltirishimiz mumkin. Lekin ishchi kuchi qanchalik arzon bo‘lmasin, ishsizlik balosini batamom tugatishni hech qaysi davlat uddalay olgan emas.
Mutaxassislar ishsizlikning bir necha turlarini ajratib ko‘rsatishadi. Davriy ishsizlik-iqtisodiy regress, krizis davriyligi paytida minglab xodimlarning o‘z ish joylarining yo‘qotishidir. Friksion – mutaxassisning ish izlash tajribasiga ega bo‘lmagani, shu mutaxassislik bo‘yicha ish joyi vaqtincha yo‘qligi orqali kelib chiqadigan ishsizlik.
Mavsumiy – bozorda mavsumga qarab xizmat yoki tovarga bo‘lgan ehtiyojning oshishi yoki tushishiga bog‘liq bo‘lgan ishsizlik. Bu faslning o‘zgarishiga ham bog‘liq. Tarmoq ishsizligi – iqtisodiyotdagi biror-bir tarmoqning bankrotlikka, krizisga yuz tutishi ortidan kechadi. Masalan, pandemiya sharoitida turizm, mehmonxona, konsert-tomosha xizmatlarida ana shunday ishsizlik paydo bo‘ldi. Buning ustiga ish joylarining avtomatlashtirilishi, iqtisodiy inqirozlar, infrastrukturaning qoloqligi, urbanizatsiya darajasi, shaxsning yetarlicha malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lmagani qo‘shilsa, ishsizlikning sabablari yanada ayon bo‘ladi.
Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda dunyoda 188 million nafar ishsiz, 165 million nafar yashash minimumidan ko‘ra kam haq oluvchi, 120 million hech joyda ishlamaydigan (lekin ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmagan) inson mavjud. Boshqacha aytganda jami 450 million nafar shaxs yoki mehnatga yaroqli aholining 10 foizi o‘z tirikchiligini o‘tkazish imkoniyatiga ega emas.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bozor jamiyatning ma’naviy devorlarini hatlab o‘tib, hamma narsani faqatgina foydaga qaratish qudratiga ega. Bu nima degani? Bu inson foyda olish uchun, tirikchilik qilish uchun har qanday ma’naviy mezonlarni chetga surib qo‘yadi deganidir! Bu bizning hayotimizga ham kirib kelayotgani bor gap. Buning ham ildizi ishsizlikka borib taqaladi.
Alp o‘g‘lonlarimiz, qizlarimiz ish izlab chetga chiqib ketishining asl sabablaridan biri ish haqi miqdorining ularni qoniqtirmasligidir! Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlarning eng kam ish haqi 650-700 ming so‘m atrofida. Bu oyiga 70 dollar deganidir. Ayonki,bu pulga uy solish, to‘y qilish, oilani boqish mumkin emas. O‘zga yurtda esa qiyinchilik ko‘rishsada, quruvchilik qilish, ko‘cha supurish kabi yumushlar evaziga uyiga har oyda 500-600 dollar jo‘natayotganlar ko‘p. Bora-bora ko‘pgina chet davlatlarda o‘zbek diasporasi ko‘payib borayotganining ildizi shu sababga taqaladi.
Masalaning boshqa tomoni ham bor. Ish haqining kamligi, qolaversa, mos ish topa olmagani uchun ko‘plab intellektual salohiyatli, davlatni rivojlantira oladigan, millatni qaddini ko‘taradigan salohiyatli kadrlar chet elga, yaxshi haq to‘lanadigan joylarga ketib qolayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ular o‘ziga to‘q yashayotgandir, orzulariga yetishayotgandir. Lekin ularni chetga uzatib davlat yutqazayapti, millat o‘z kelajagini bozorga boy berayapti.
Hozirgi zamon iqtisodchilari har bir kapitallashgan jamiyatda 5-7 foiz ishsizning bo‘lishi tabiiy ekanini, bu mehnat bozorida talab va taklif muvozanatini ushlab turish, ishchi kuchi resurslarini talabga qarab qayta o‘zgartirish imkonini berishini ta’kidlashadi. Ochig‘i, bu fikr ko‘pchilikning skeptik (mohiyatan ishonchli emas degan) munosabatiga sabab bo‘lgan. Aslida ham shunday.
Sababi, har bir ishsiz shaxs avvalo insondir. U baxtli yashashi, zamonaviy dunyoda barcha ehtiyojlarini qoplash imkoniga ega bo‘lishi uchun zarur daromad manbaiga ega bo‘lishi kerak. Gumanistik g‘oyalar ustuvorligini saqlab qola olgan jamiyatda bu holat o‘zgarmas aksioma bo‘lishi zarur.
Ayniqsa, asrlar davomida dunyo tamaddunini yuksak ahloqiy, ma’naviy, insonparvarlik qadriyatlari, g‘oyalari, o‘lchovlari bilan boyitgan, bu borada yuksak o‘rinlarda bo‘lgan, keyinchalik qattol mustamlakachilik sababli dunyo sahnasidan chetga surib qo‘yilgan O‘zbekistonda har bir inson ish bilan ta’minlanishi oltin postulatga aylanishi shart. Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda misli ko‘rilmagan islohotlar olib borilmoqda va bu davom etajak.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
jurnalist