Haqiqiy demokratiya darsxonasi
Asrlar osha o‘lmas va boy madaniy merosi bilan tanilgan o‘zbek xalqining Ona tabiat, ayniqsa istiqomat qilayotgan mahallasi obodligiga e’tibori cheksiz.
Mahalla – mamlakatni yuqori cho‘qqilarga olib chiquvchi qanotdir. Qush uchun qanot tananing asosiy a’zosi hisoblanganidek, mahalla ham Vatanimiz uchun kamida shu darajada ahamiyatlidir.
Demokratiya mezoniga asoslangan adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi keng qamrovli vazifalarni bajarishda o‘zini-o‘zi boshqarish idorasi – mahalla asosiy tayanch vazifasini o‘taydi.
Yorug‘ yuzimiz va vijdonimiz ko‘zgusi bo‘lmish mahalla insonga jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro harakat usullarini ishlab chiqish imkonini beradigan boshqaruvning sharqona, o‘ziga xos shakli hisoblanadi. Oila institutidan keyin aynan mahallada insonga butun umr hamroh bo‘ladigan do‘stlik, hamkorlikning dastlabki rishtalari, yaqin va samimiy munosabatlar shakllanadi.
Baquvvat daraxtdan rang olgan mahalla – ildizlar yanglig‘ bir-biriga xolis yordamga tayyor, mehr-oqibatli, himmatli, niyati qadar go‘zal va duosi kabi samimiy insonlarni, ibratli va ahil oilalarni birlashtirib, izzat-hurmat ila umidbaxsh gurunglar misolida yorqin bo‘yoqlarda aks etadigan oqil va zabardast kuchdir.
Haqiqatan milliy udumlar maskani bo‘lgan mahalla hammamiz uchun muqaddas dargoh. Endigina atak-chechak qilib chiqqan go‘dak ilk rag‘batni mahallasidan eshitadi. Bobosi-yu, buvijoni qo‘lidan ushlab, chopqilab bog‘chasiga yo‘l olarkan, u qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, qo‘ni-qo‘shniga salom beradi. “Barakalla bolam” yoki “aqlli qizimdan o‘rgilay” degan maqtovdan quvonib, ko‘ngli bo‘yi barobar o‘saveradi. Yoqimtoy, shirin so‘z, g‘amxo‘r mahalladoshlariga dilida mehr paydo bo‘ladi. O‘sha ondan mahalla uning uchun talabchan ota, jonsarak onaga aylanadi. Shu tariqa mahallasi yuzini yorug‘ qiladigan farzand bo‘lishga intiladi.
El netib topgay menikim,
Men o‘zimni topmasam...
Bobomiz Alisher Navoiyning ushbu hikmati ham mahallaga qaratilgandek, go‘yo. Zero, inson avvalo, tug‘ilgan yerida aziz bo‘sagina, boshqa joyda ham qadrlanadi. “O‘zimizdan chiqqan chempion”, “Bizning yozuvchi”, “Mahallamiz polvoni” kabi faxr, iftixor har bir insonning kelajagini kafolatlaydi. Kishi shu ishonchga munosib bo‘lishga chog‘lanadi.
Agar tuyg‘ularga erk berib ifodalasak, mahalla – jamiyatda yashayotgan har bir inson uchun nafasdek zarur.
Har qanday inson tongda ostona bosib, ko‘chaga chiqishi bilan uni mahallasi qarshi oladi. Yaxshi kunida yelkadosh, tushkun vaqtida maslakdosh bo‘ladigan ham mahalla. Har bir amalini “Mahalla-ko‘y nima deydi?” degan savol asosida bajaradiganlar mahallaning chinakam farzandi hisoblanadi. Aholi tashvishini o‘ziniki bilgan mahalla xalqning vijdoni, demak.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “qaysi mahallada ish to‘g‘ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, o‘sha yerda hamjihatlik, mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda, noxush holatlarga yo‘l qo‘yilmayapti”. Shu bois mamlakatimizda olib borilayotgan izchil va tizimli islohotlarning hozirgi bosqichida mahallalarni yanada rivojlantirish davr taqazosidir.
Vatanimiz tarixi guvohlik beradiki, mahalla – Markaziy Osiyo hududida ming yillar mobaynida turli davrlardagi tuzumlar o‘zgarishiga qarab vazifalari ham o‘zgarib turishi bilan farqlanadi. Jamoa bo‘lib yashash tuyg‘usi, avvalo, mahallaning boshlang‘ich unsuri bo‘lgan individ, “fuqaro” tushunchasi bilan boshlanadi.
Mening mahallam go‘zal so‘zlar bilan yozilgan arkadan boshlanadi. Har bir uy yoni rang-barang gulzor. Barchasi odamlar mehnati bilan yaralgan bo‘lib, mahallani toza va ozoda saqlash, yanada chiroyli qilish o‘z qo‘limizda. Mahallamizning keng va ravon ko‘chasidan borayotib, hosildan bosh egib turgan olma, shaftoli, olxo‘ri daraxtlarini ko‘rib g‘ururlanaman. Bog‘dan ikki dona meva uzib, menga ilinib peshvoz chiqqan mahalladoshimga minnatdorlik ila boqaman. Lablarim beixtiyor “mehringdan aylanay, mahallam” deya pichirlaydi.
O‘zbek xalqi milliy, ma’naviy va odob-axloqqa bag‘ishlangan maxsus teran ta’limotning merosxo‘ridir. Bugun mahallalarimizga Vatan ozodligini asrlarga tarannum etgan talay ijodkorlarimizning ulug‘ nomlari berilishi ham ularga bo‘lgan chuqur hurmat, yuksak mehnatlarining oliy bahosidir. Ularning o‘ziga xos nomlari bizga tarixdan so‘zlaydi. Ularda xalqimizning siyosiy, iqtisodiy hayoti, madaniy merosi aks etadi.
Suyukli adibimiz Abdulla Qodiriy “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrli deydilar”, deb yozgan. Chindan ham shunday. Zero, kechagi kunni unutmagan odam bugunning qadriga yetadi. Bugungi kunning qadriga yetish uchun esa vaqti-vaqti bilan kechagi kunni ham eslab turish ziyon qilmaydi...
Millatimiz genida daholik, qonida ulug‘lik bor. Oramizda qobiliyatlilar, daholar ko‘p. Ularni yuzaga chiqarish esa mukammal ta’lim-tarbiya, alohida e’tibor, mashaqqatli mehnat, ko‘mak, nafaqat ma’naviy, balki moddiy baza ham talab qiladi. Davlatimiz ana shu ehtiyojlarning barini ta’minlab bergani uchun bugun chekka-chekka mahallalarda ham iste’dodlar bisyor.
Mag‘rib “renessans”, Mashriq “uyg‘onish” deb ataydigan davr insoniyatga ulug‘ ne’matlar bergani bilan ardoqli ekani, Renessans yuzaga kelishi uchun bir ulug‘ mamlakat, bir qudratli saltanat, qo‘yingki, ko‘p yetuk shaxslar poydevor bo‘lgani chin. Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish jarayonini ko‘zdan kechirib, shunday xulosaga keldim. O‘ylab qolasan kishi: “Mirzo Ulug‘bek Amir Temur nazariga tushgani, bolaligida doim bobosi o‘zi bilan olib yurganda ulug‘ davrlarni ko‘rgani uchun komillikka erishganmikan?! Yoki Amir Temurning teran nigohi Ulug‘bekning kelajagini ilg‘adimi? Ehtimol, jadidlar harakati kuch bilan to‘xtatilmaganda Uyg‘onish ertaroq dunyo yuzini ko‘rarmidi...”
Sharqona ta’lim-tarbiyani saqlab qolish eng avvalo mahallaga borib taqaladi. Aholisi, ayniqsa yoshlarni fozil, komil insonlar qilib tarbiyalashda chinakam tarbiya o‘chog‘i sifatida mahalla asosiy rolni o‘ynovchi katta oiladir. Zero, inson umrining bolalik va o‘smirlik, shuningdek keksalik yillari aynan mahallada o‘tadi.
Mustaqil diyorimizda mahallalar obodligi, hamyurtlarimiz saodatli yashashi uchun har tomonlama e’tibor berilayotgani, bu e’tibor borgan sari oshib borayotgani kundek ravshan. Inson hayotiga ezgulik keltiruvchi Uchinchi Renessans yana qayta ko‘hna Turondan boshlanib, Yangi O‘zbekiston bag‘rida yuz ochib, yosh avlod tarbiyasi zanjiridagi uzilib qolgan halqani bog‘lamoqda. Bugungi jajji hujjatsiz “professor” ertaga dunyo ilm-fanini yuksaltirib, jahonga yuzlanganda qaddi tik bo‘lishi, dilida Vatanga ishonch va sadoqat bilan yurt ertasining nurafshon osmonida umid guldastasini tortiq qilgan holda, olg‘a qadam bosishiga ishonaman.
Mahallam men uchun oilam, oilamizni o‘rab turgan muhit. Bundan tashqari ishdan keyin yaxshi xordiq chiqarish mumkin bo‘lgan qadrli go‘sha. O‘zimni mahallaning bir bo‘lagi, deb his qiladigan bo‘lsam, mendagi bu tuyg‘u oilamizning mahalla hayotidagi faol ishtiroki tufayli paydo bo‘lgan. Albatta, men mahallamizdagi tadbir va yig‘inlarda qatnashaman, qo‘shnilarimizning quvonchli va tashvishli kunlariga sherik bo‘laman.
Vaqti soati yetib, ota-ona uyini tark etish qiz bola uchun meros. Mening mahalla hayotiga qo‘shilib ketishim juda oson kechgan: go‘yo kecha barcha qo‘shnilarim bilan xayrlashib ketganman-u, bugun yana shu davraga qaytib kelgandek. Shunday bo‘lsa-da, ushbu tadbirlarda ishtirok etishni ko‘pincha oilaviy burch, deb bilaman. Har qanday holatda ham qo‘ni-qo‘shniga ahamiyatli kunida yordam berish, mahalladagi tadbirlarda faol qatnashish kerak. Aytish mumkinki, bu bizning oilamiz uchun sharaf.
Mahallada o‘tkaziladigan har bir tadbir zamirida odamlarni birdamlik, ahillik, hamjihatlik, birodarlikka chorlashdek xalqimizga xos ulug‘ fazilatlar yotadi. Mahalla o‘zbekona yashashning hayotiy in’ikosidir.
Xo‘sh, shahar-u qishloqlarimizda bunyod etilgan namunaviy hovli-joylar, ko‘p qavatli uylarda hayotga yangicha nigoh bilan qarayotgan, qalbida yaratish va yashash shavqi jo‘sh urgan ko‘ngli o‘ksik vatandoshlarimiz dilidagi quvonch-u shodlikni nima bilan baholab bo‘ladi?!
Ezgulikka yo‘g‘rilgan islohotlar samarasi ulug‘ saodatki, bugun xalqimiz hayotida namoyon.
Bunday davomli tadbirlar zamirida “Ortingga qarab, bugunga boqib shukr qil, oldinga qarab fikr qil” degan sermazmun maqol mujassam. Shu bilan birga avvalgi havoyi, hayotdan yiroq, buning ustiga odamlarga bir pullik naf bermaydigan raqamlar bugun haqiqatga aylangan. Ayni jarayon boshqalar kabi yashash imkoniga ega bo‘lmay, ruhan qiynalib yurgan minglab insonlarning ko‘nglini ko‘tarib, ularni jamiyatning faol a’zolari qatoriga qo‘shishga xizmat qilmoqda.
Hozir xalq farovon yashayotgani, odamlar hayot darajasi yuqoriligi, buning uchun daromad manbalari yaratilayotgani ayon. Ko‘p yillar davomida “yopiq” mavzu bo‘lib kelgan “kambag‘allik”ni qisqartirish endilikda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning kechiktirib bo‘lmas vazifalaridan biriga aylandi. Yurtimizda aholi o‘rtasida kambag‘allik va ishsizlik muammosini hal etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Binobarin, kambag‘allik odamlarning ma’lum bir qismiga ta’sir ko‘rsatib, ularning hayotini saqlab qolish uchun qator ehtiyojlarni qondirish imkonini cheklaydi.
Kambag‘allik faqat qoloq davlatlarda emas, balki rivojlangan davlatlarda ham mavjud. Buni bartaraf etish dunyodagi barcha mamlakatlarning birgalikdagi harakatini talab etadi.
Mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etilishi, aholi bandligini ta’minlash masalasi bo‘yicha hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faoli instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham hududlarda yaqqol samara bermoqda. Albatta, inson qayerda yashashi va ishlashidan qat’iy nazar, qadr topishi, farovon yashashi, murod-maqsadiga yetishi uchun berilgan birgina madad samolarga tutash ziyo sochib, ulkan zafarlar silsilasini gavdalantiradi.
Har kuni ishga otlanarkanman, ochiq yuzli qo‘shnilarim, yo‘l-yo‘lakay uchragan mahalladoshlarim ko‘zidagi xayrixohlik, “yaxshi borib keling, omadingizni bersin”, “yo‘lingiz bexatar bo‘lsin” kabi ikki og‘iz iliq so‘z menga qo‘sh qanot beradi. Shukurki, mahallam bor, deb quvonaman. O‘zimni, oilamni ulardan ayro tasavvur qila olmayman. Mahallada hashar bo‘ladimi, uy quriladimi, to‘y yoki ma’raka bo‘ladimi, mahalla madadiga tayanamiz. Zukko xalqimiz “El puflasa, shamol turadi” deydi. Kimdir bir arava g‘isht, birov to‘rt donagina non, tog‘orada osh, yana birov bir qop sement... xuddiki to‘y, deysiz. Xullas, mehrni ham, qadrni ham mahalladan topamiz.
Hozirgi shukuhli zamonamizda yashayotgan g‘animat zamondoshlarimiz o‘zlari yashab o‘tgan hayot haqida gap ochsa, ularni ko‘proq eshitgimiz keladi. Beixtiyor “ha, men ham shuni so‘ramoqchi edim”, deb yuborganimizni bilmay qolamiz. Mahallamizda ko‘p yillar oqsoqollik qilib, hozir izzatda yashayotgan Rahmatilla bobo ikki asrni ko‘rgan inson sifatida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi. “Bizning davrda odamlar nihoyatda kamtarin, sodda, dehqonchilik va chorvachilik orqasidan ro‘zg‘or tutishgan. O‘sha davrlardan mahalla-ko‘y bir-biriga dalda bo‘lib, boriga sabr qilib, qanoatda yashagan. Bir misol keltiraman. Qadimda to‘ylar hovlida o‘tkazilar, hozirgidek hashamatli bo‘lmasa-da, el-yurt oldiga dasturxon yoyib, osh uzatish ham bir saodat edi. To‘ylar kim o‘zarga emas, sho‘x bolakayning sunnati-yu, ikki yosh bir yostiqqa bosh qo‘yishini bildirib qo‘yish uchun qilinardi. Albatta, karnay ham chalinardi, karnayga tugib ketilgan belbog‘ karnaychining haqi edi. Albatta, ashula aytilar, odamlarning olqishi ashulachi dimog‘ini chog‘ qilishga kifoya edi. To‘ydan to‘yona deb, ularga ham bir tugun qilib berilardi”.
Jismi mukarram boboning yillar shamoli iz qoldirgan fayzli chehrasiga nigoh tashlab, uning xayolida nima o‘y kechayotganini anglagandek bo‘ldim. Yuzidan bugungi saodatli kunlardan shukronalik ufurib turgan, chaqnagan ko‘zlari porlayotgan nur kabi yonib turgan bunday mahalladoshlarimizning qadri doimo ulug‘dir.
Dono xalqimizning betakror qadriyatlari borki, milliy va diniy an’analarni o‘zida ifoda etib keladi. Millatimiz fazilatiga aylanib ketgan qadriyatlarimizni hech qanday kuch, tashviqot yoki taqiq o‘zgartirolmaydi.
Shunday ekan, mahalla xilma-xil din, madaniyat va turmush tarzi tutashgan, turli millat, elatlar tomonidan e’tirof etilgan yuridik maqomga ega, tarixi zalvorli, kelajagi buyuk oshiyondir.
Inson o‘tayotgan umriga zimdan qarab, suyukli oilasi, qadrdon uyi va o‘zi uchun mehrli mahallasini qancha e’zozlasa, shuncha kamdek tuyulaveradi. Ona tabiat husniga husn qo‘shish, yon-atrof go‘zalligidan bahra olib, mahallamiz jamolini ko‘z-ko‘z qilishda barchamiz burchlimiz!
Madina ZUFAROVA,
“RENESSANS” ta’lim universiteti talabasi