Haqiqatni kuylagan adib
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Jonajon O‘zbekistonimizning barcha go‘shalarida atoqli adib tavalludiga bag‘ishlangan muloqotlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Poytaxtimizning Chilonzor tumani Naqqoshlik ko‘chasidagi adib yashagan xonadonda O‘tkir Hoshimov xotirasiga bag‘ishlab barelef o‘rnatishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xotira barelefining tantanali ochilishiga adib va shoirlar,adabiyotshunos olimlar, yozuvchining qadrdonlari, ijodkor yoshlar jam bo‘ldi.
Mamlakatimizda milliy adabiyotni, kitobxonlikni, ijodkorlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, milliy so‘z san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustoz yozuvchilarning xotirasini ardoqlash borasida ilgari misli ko‘rilmagan ezgu ishlar olib borilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli adib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos Hamidulla Boltaboyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonov, "Sharq yulduzi" va "Zvezda Vostoka" jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf mamlakatimizda adabiyot sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
Adabiyotshunoslarning fikricha, ustoz O‘tkir Hoshimovning
"Cho‘l havosi» , «Odamlar nima derkin», «Shamol esaveradi», «Qalbingga quloq sol» , «Bahor qaytmaydi» , «Dunyoning ishlari», «Nur borki, soya bor», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» kabi asarlari adabiyot muxlislariga yaxshi ma’lum. Yozuvchining bir qancha asarlari ekranlashtirilgan. «Xazon bo‘lgan bahor», «Inson sadoqati» , «Vijdon dorisi», «To‘ylar muborak», «Qatag‘on» kabi drama, komediya, bir qator kinossenariylar muallifidir. «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobi ijtimoiy-ma’naviy hayotda muayyan iz qoldirgan.
–-Davlatimiz rahbarining O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlashga oid qarori chiqqan kun nainki oilamiz, butun mamlakatimiz uchun bayramga aylandi, – dedi O‘tkir Hoshimovning umr yo‘ldoshi, "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni sohibasi O‘lmasxon Hoshimova. – Bunday ezgu tashabbus davlatimiz rahbarining ijod ahliga mehr va e’tiboridan yana bir dalolatdir. O‘tkir Hoshimov haqiqatni, odamlarning dardu tashvishini o‘z asarlarida aks ettirardi.
Xalqimizning ardoqli adibi xonadonida ajib xotira lavhi paydo bo‘ldi. Rassom Sherzod Quryazov tomonidan ishlangan xotira barelefi bu xonadonda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov yashaganidan mo‘’jaz ishora berib turibdi.
[gallery-3579]
Nazokat Usmonova, O‘zA