Hammaning dam olishga haqqi bor
Bundan ko‘zlangan maqsad – yoshlarda vatanparvarlik hissini shakllantirish, ularni tengdoshlari kabi chanqoqlik bilan ilm egallashga da’vat etishdan iborat.
Yoz – 2019
Mudofaa vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi hamda Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobida turgan voyaga yetmagan yoshlar uchun tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohi an’anaviy tashkil etib kelinmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – yoshlarda vatanparvarlik hissini shakllantirish, ularni tengdoshlari kabi chanqoqlik bilan ilm egallashga da’vat etishdan iborat.

– Mirobod tumanidagi harbiy qismda 30 nafar bola uchun uchun tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etildi, – dedi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi bo‘lim boshlig‘i Asqar Hasanov. – Bu oddiy ta’til emas, harbiy ta’til, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ularga yuqori malakali psixologlar tomonidan treninglar, rassomchilik to‘garaklari, profilaktik suhbatlar bilan bir qatorda saf tayyorgarligi bo‘yicha mashg‘ulotlar, sport o‘yinlari va turli jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari o‘rgatildi. Bolalarga bir hafta davomida vatanparvarlik ruhini targ‘ib qiluvchi o‘nga yaqin videofilm namoyish etildi, kitoblar sovg‘a qilindi.
Ayni damda ikkinchi mavsumga tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Unda Toshkent shahar ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobida turuvchi 30 ga yaqin voyaga yetmagan yoshlarning dam olishi rejalashtirilgan.