Hamma borishi kerak bo‘lgan qishloq
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikamizning turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish, tog‘ va tog‘oldi hududlardagi ishga tushirilmagan mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish hisobiga ekologik turizm infratuzilma ob’ektlarini barpo etish, shuningdek, turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish orqali tog‘li va chekka hududlardagi aholi bandligini ta’minlash, ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qarorda ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida umumiy yer maydoni 2,9 ming gektar bo‘lgan “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etiladi. Shuningdek Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi tuziladi. Turistik zona hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa ob’ektlarni hamda muhandislik infratuzilmalari barpo etiladi.
So‘nggi yillarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida Qashqadaryo viloyatidagi G‘elon va Ko‘l qishloqlarida etnoturizm yo‘nalishiga ham e’tibor qaratib kelinmoqda.
Bu qishloqqa 2022 yilning avgust oyida borgan edim. Mahalliy aholining fikricha, G‘elon qishlog‘iga 2200 yil avval asos solingan. Biroq ayrim manbalarda qishloqning paydo bo‘lish yili 1305 yil deb ko‘rsatilgan. Qishloq me’morchiligi O‘zbekistonning birorta joyida uchramaydi. Aholi qadimiy turmush tarzini unutmagan. Ayollar nafaqat tizzasini, balki to‘pig‘ini ham ko‘rsatishmaydi. Ya’ni, G‘elon xotin-qizlari kiyish lozim bo‘lgan lozimda yurishadi.

Atrofi baland tog‘lar bilan qurshab olingan G‘elon Shahrisabzdan 85 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qishloqqa borish oson emas. Ammo zavqli. Yo‘llar asfalt emas, asosan tosh yo‘l bo‘lgani bois 85 kilometrlik masofa 3-4 soatda bosib o‘tiladi. Haydovchining yonida o‘tirgan yo‘lovchiga maza. Manzilga yetib borguncha tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lib ketadi. Aytishlaricha, dengiz sathidan 2600 metr balandlikda joylashgan qishloqda 5834 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi asosan dehqonchilik, chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Ular o‘ta mehnatkash. Bu sun’iy sug‘orish tarmoqlarining barpo etilishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qishloqda suv va elektr muammosi yo‘q. Faqat tabiiy gaz yetib bormagan, ammo ballonlarda yetkazib turiladi. Odamlar o‘zlariga, hatto mini “GES”lar qurib olishgan. “GES”ni ataylab qo‘shtirnoqqa oldim, aslida ularni suvda ishlaydigan generator, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu “GES”lar ishlab chiqargan elektr energiya sakkiztagacha lampochkani yoritishga yetar ekan. G‘elonliklar aqliga qoyil qolmasdan iloj yo‘q.
G‘elonliklar o‘zlari yetishtiradigan kartoshka bilan faxrlanishadi. Qishloqning tor ko‘chalari, ikki qavatdan iborat uylari sayyohlarda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Birinchi qavat asosan ombor, molxona sifatida foydalaniladi. Ikkinchi qavat esa turar-joydan iborat. Shaxsan men bu kabi uylarni Turkiyaning Bursa shahri yaqinidagi Jumaliqishloq deb atalmish qishloqda ko‘rgan edim (Bu qishloqda “Xinoli qor” seriali suratga olingan). G‘elon ko‘chalarini aylanishning o‘zi kishiga zavq beradi. Ayollar eshik oldidan o‘tuvchi ariqda bemalol kir yuvishlari, tappi yopishlari mumkin. Bu yerda har bir qarich yer qadrlanadi.
Biz bir necha xonadonga kirdik. Hovli tor. Masalan, deylik, to‘y marosimlarini o‘tkazishning imkoni yo‘q. Ma’lum qilishlaricha, avvallari to‘y va boshqa tantanalar qishloqqa kiraverishdagi yalanglikda o‘tkazilar ekan. Hozirda qishloqda restoran faoliyat yuritadi. To‘ylarda qo‘shiqlar faqat jonli ijro etilar ekan. Biz tushlik qilayotganimizda o‘zini Andi G‘eloniy deya tanishtirgan xonanda jonli ijro etib, ko‘nglimizni ko‘tardi. Jonli ijro baribir jonli-da, nafaqat o‘zbekistonlik jurnalistlar, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan mehmonlar maza qilishdi (safar yakunida ulardan “taassurotlaringiz qanday?” deya so‘raganimda, ko‘zlari porlab “a’lo, bunaqa maza qilmagandik, ajoyib qishloq ekan, bu kabi qishloqni ko‘rmaganmiz, qishloqni YUNESKOning ro‘yxatiga kiritish kerak” deyishdi).
Aytishlaricha, qishloq ahli avvallari bozor-o‘charni tog‘lar oshib Urgutdan qilib kelar ekan. O‘tgan asrning 70 yillarida tog‘ yo‘li ochilganidan so‘ng Shahrisabzga qatnay boshlashibdi. “Ayni shu yo‘l G‘elonni XXI asr bilan bog‘laydi”, degan fikrga keldim. Shuni ta’kidlash kerakki, qishloqda asosan “GAZ-53”, «Niva» va «UAZ» mashinalarini ko‘rish mumkin. Shuningdek mototsikllardan keng foydalaniladi.
Qishloq ahli asosan dehqonchilik, chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishini yuqorida aytdik. Endi turizm sohasi ham qishloqqa kirib kelmoqda. Agar bu sohaga e’tibor qaratilsa, g‘elonliklar hayoti yaxshi tomonga o‘zgarishi aniq.
Xulosa sifatida aytmoqchimanki, o‘zini ijodkor deb bilan har bir inson hayoti davomida bir marta bo‘lsa-da, albatta, G‘elonga borishi kerak.
Sharofiddin To‘laganov