Hamkorlikdagi yangi bosqich
Buxoro viloyati xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashladi. Viloyat hokimi Botir Zaripovning Fransiyaning dunyoga mashhur “Orano” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi, shuningdek, MEDEF International huzuridagi Fransiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi raisi Klod Imoven bilan o‘tkazgan uchrashuvi nafaqat investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, balki Buxoroning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Botir Zaripov mehmonlarga Buxoro viloyatining boy sanoat salohiyati, qulay geografik joylashuvi, rivojlangan infratuzilmasi hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, mahalliy korxonalarni xalqaro ta’minot zanjirlariga integratsiya qilish, innovatsion ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli rejalar yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida ikki xalqni bog‘lab turgan tarixiy va madaniy rishtalar ham alohida e’tirof etildi. Buxoro shahri bilan Fransiyaning Ryuey-Malmezon shahri o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari, ushbu shaharda buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino haykalining qad rostlagani ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlikning yorqin timsoli ekani qayd etildi.
Qayd etilishicha, “Orano” Fransiyaning davlat nazoratidagi yetakchi sanoat guruhlaridan biri bo‘lib, yadro yoqilg‘isi siklining barcha bosqichlarida faoliyat yuritadi. Kompaniya uran konlarini qidirish va o‘zlashtirish, uranni qayta ishlash va boyitish, ishlatilgan yadroviy yoqilg‘ini qayta tiklash, muhandislik xizmatlari hamda yadro tibbiyoti sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bunday nufuzli kompaniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar Buxoroning investitsiyaviy jozibadorligi xalqaro miqyosda ham yuksak baholanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, sanoat va innovatsiyalar sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirish bo‘yicha muntazam muloqotlarni davom ettirishga kelishib olishdi.
Bugun Buxoro nafaqat boy tarix va madaniyat maskani, balki xalqaro sarmoyalar, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar chorrahasiga aylanib bormoqda. Fransiyaning eng nufuzli sanoat kompaniyalaridan biri bilan boshlangan ushbu muloqot viloyat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi, zamonaviy ishlab chiqarishlar, yangi ish o‘rinlari va innovatsion taraqqiyotga mustahkam zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir. Bu esa Buxoroning global iqtisodiy makondagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin isbotidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri