Hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Rossiya Federatsiyasining “Rosselxoznadzor” federal xizmati rahbari yordamchisi A.Daushev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda rais o‘rinbosari A.Akbarov boshchiligidagi qo‘mita vakillari ishtirok etib, kelgusida o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarni muhokama qilishdi.
Xususan, joriy yilning 1 iyuliga qadar veterinariya sohasida kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.
Bunda O‘zbekiston veterinariya mutaxassislarining chegara veterinariya nazorati punktlari, veterinariya laboratoriyalari faoliyati bilan tanishish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga tashrifi, Rossiya davlat veterinariya xizmati mutaxassislarining O‘zbekistonga tashrifi, axborot tizimlarida ishlash bo‘yicha seminarlar tashkil etish, turli yuqumli kasalliklar profilaktikasi va xalqaro hamkorlikda o‘zaro munosabatlar kabi dolzarb vazifalar nazarda tutiladi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiya davlat veterinariya xizmati bilan o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgan bo‘lib, bir qator natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, so‘nggi 3 yil mobaynida 6 marotaba o‘zaro tashrif, 2 marotaba veterinariya audit o‘rganishi tashkil etilgan bo‘lsa, 10 marotabadan ortiq videoaloqa orqali turli mavzularda muhokama va muzokaralar o‘tkazildi.

Axborot tizimlarida ishlash ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha qo‘shma o‘quv- seminarlar tashkil etilib, unda 100 dan ortiq mutaxassis ishtiroki ta’minlandi.
Shuningdek, olib borilgan hamkorlikdagi ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan chorvachilik mahsulotlari, xususan, termik ishlovdan o‘tgan tayyor go‘sht va sut mahsulotlari hamda xom ashyolari uchun 2003 yilda joriy etilgan cheklov bekor qilinib, eksport uchun yo‘l ochildi.
Kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish va muvofiqlashtirib borish hamda ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarga tezkor yechim topish maqsadida doimiy faoliyat olib boruvchi ishchi guruhini tashkil etishga kelishib olindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA