Toshkentda kichik biznes subyektlari mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi ochildi
Poytaxtimizdagi “Ko‘rgazma savdo markazi” majmuida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarining xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
Poytaxtimizdagi “Ko‘rgazma savdo markazi” majmuida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarining xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, "Tadbirkor ayol" O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi va “Expocontact” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Nazira Dadaxonova, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Li Sze va boshqalar O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida izchil tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Ko‘rgazmada xorijlik tadbirkorlar, jumladan, Xitoyning 40 dan ziyod kompaniyasi o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Ular tomonidan kichik biznes subyektlari uchun uskuna va jihozlar, mebel, to‘qimachilik sanoati tovarlari, qurilish materiallari, elektr jihozlar va boshqa mahsulotlar taklif qilinmoqda. Yangi innovatsion ishlanmalar, resurs tejovchi minitexnologiyalar, quyosh panellari, telefonni quvvatlantiradigan qurilmalar tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Mamlakatingizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan erkin shug‘ullanish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, – deydi Xitoydagi «Xuande» kompaniyasi rahbari Missi Yan. – Kompaniyamiz sulfat kaliy ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchilardan sanaladi. O‘zbekiston tadbirkorlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, mamlakatingizda yangi korxona ochish istiqbollari bo‘yicha muzokara olib bormoqdamiz.
Ko‘rgazmada Toshkent, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridagi asalarichilar hamda
Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi xalq ustalari tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik buyumlari, tabiiy xomashyodan tayyorlangan mahsulotlar namoyish etilmoqda.
– Asal quvvatbaxsh va xushbo‘y mahsulot, u oshqozon-ichak kasalliklariga shifo, immunitetni oshiradi, – deydi zangiotalik tadbirkor, «G‘ulomxo‘ja asalchiligi» fermer xo‘jaligi rahbari Qodirxo‘ja Tojixo‘jayev. – Asalarichilik bilan 40-yildan buyon shug‘ullanaman. Bu kasb menga ota meros. Bugungi ko‘rgazmada turli xildagi shifobaxsh asal mahsulotlari bilan ishtirok etmoqdamiz.
Mazkur tadbir yangi ish boshlayotgan tadbirkorlar uchun o‘z biznesini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish, tovarlar va kichik biznes xizmatlarini namoyish etish, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni xarid qilish uchun qulay sharoit yaratmoqda, xaridor va ishlab chiqaruvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot maydoniga aylandi.
Ko‘rgazma doirasida davra suhbatlari, turli kompaniyalar taqdimotlari, oilaviy biznesni rivojlantirishga bag‘ishlangan mahorat darslari o‘tkazilishi mo‘ljallangan.