Hamkorlik – muvaffaqiyat omili
Namanganda o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 260 sanoat korxonasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti 1 ming 200 ga yaqin turdagi mahsulotlarini namoyish etdi.
Namanganda o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 260 sanoat korxonasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti 1 ming 200 ga yaqin turdagi mahsulotlarini namoyish etdi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3-martdagi 2016-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Namangan viloyatida 15 ming 700 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Yalpi hududiy mahsulotning 68,2, sanoat mahsulotlarining 32,5 foizi aynan shu tarmoqda ishlab chiqarilmoqda.
– Yarmarkada birinchi bor ishtirok etmoqdamiz, – deydi “Uychi noto‘qima sanoat” sho‘ba xo‘jaligi jamiyati rahbari K.Xudoyberdiyev. – “Namangan hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan 34 million so‘mlikdan ziyod mahsulot yetkazib berish yuzasidan shartnoma imzoladik. Bunday hamkorlik ishimizga unum keltirishi barobarida mahsulotlarimiz xaridorgirligini oshirishga xizmat qiladi.
Ko‘plab ishlab chiqaruvchilarga yangi hamkorlar topish imkonini bergan tadbirda “Namterm” sho‘ba korxonasi 2 milliard so‘mlik elektr jihozlari, “Ekstra Primer Bat” mas’uliyati cheklangan jamiyati 39 million so‘mlik akkumulyator yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldi.
Yarmarkada sanoat korxonalari va ichki iste’molchilar o‘rtasida 25,9 milliard so‘mlik hamda 6,8 million dollarlik eksport shartnomasi imzolandi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.