Hamkorlik memorandumi: “Yashil hudud” barpo etiladi
Andijon viloyati hokimligi hamda Koreya Respublikasining “KT&G Corporation” korporatsiyasi o‘rtasida “KT&G Pine Tree” loyihasi doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumni imzolashga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimligi, Koreya Respublikasining “KT&G Corporation” korporatsiyasi, viloyat turizm, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalari, “Go and Do” tashkiloti, “D-tour” turizm agentligi, “Hamroh” va boshqa qator nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimligi kotibiyati mudiri Elyorbek Xolmirzayev, Koreya Respublikasining “KT&G Corporation” korporatsiyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Li Jong Yuub O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida turli yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganligi, Andijon viloyatida yashil hudud barpo etish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan ushbu hamkorlik ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshiriladigan loyihaning maqsadi, ahamiyati va istiqboli haqida keng ma’lumotlar berildi.
[gallery-29084]
– Loyihaning birinchi bosqichida Bobur shahridagi yashil hudud qilish uchun ajratilgan maydonga 200 tup qarag‘ay ko‘chati o‘tkaziladi, – deydi “Hamroh” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Gulnoraxon Yuldasheva. – Ushbu ko‘chatlar kuzga qadar parvarishlanadi. Ko‘chatlarning parvarishi, o‘sishida salbiy holatlar kuzatilmasa, kuz oyida yana 2 ming tup ko‘chat ekilishi ko‘zda tutilgan.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan tadbirda mehmonlarga Andijon viloyatida “Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, viloyatning turistik imkoniyatlari, mavjud turistik yo‘nalishlar haqida ma’lumotlar berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.