Hamkorlik masalasi muhokama etildi
Nukusda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Orolbo‘yida faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari E.Tursunov, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari M.Hasanova va D.Mamadjonova nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ularning huquqiy asoslarini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda turli sohalarda 10462 dan ziyod nodavlat notijoart tashkiloti, 2200 dan ortiq diniy tashkilot va 2000 yaqin ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini keng ommaga yetkazish va oshkoraligini ta’minlash maqsadida 60 dan ziyod ommaviy axborot vositasi, o‘zlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda faoliyatining doimiyligini ta’minlash uchun 100 dan ortig‘i tadbirkorlik sub’ektini ta’sis etgan. Hozirda 20 milliondan ortiq fuqaro nodavlat notijorat tashkilotlari a’zosi hisoblanadi.

Sohaga oid 200 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lsa, shundan oxirgi ikki yilda qabul qilingan hujjatlar asosida nodavlat notijorat tashkilotlarga Adliya organlari bilan bog‘liq barcha xizmat va aloqalarni elektron shaklda amalga oshirish imkonini beruvchi E-ngo.uz sayti sinov rejimida ishga tushirildi. Hududlarda ijara to‘lovisiz joylashtiriladigan «Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari» tashkil etish belgilandi. Faollar uchun «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 oktyabrdagi «Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustudan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgarishlardagi faoligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi joylashtiriladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish natijalari Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (ko‘rib chiqish uchun) kiritiladi, bunda, qoida tariqasida, kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalari ko‘rsatishi majburiyligi belgilangan.

–Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad nodavlat notijorat tashkilotlarining muammolarini aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishdan iborat, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘limi bosh maslahatchisi Eziz Gayipov. – Shuningdek, Orolbo‘yida faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining takliflarini o‘rganish bo‘lib hisoblanadi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA