Hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Favqulodda va Muxtor elchisi Timoti Torlou va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzerni qabul qildi.
T.Torlou va H.Freyzer Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘llagan BMTning 26-iqlim sammitida (KOP-26) ishtirok etish uchun shaxsiy maktubini yetkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik xilma-xillikni saqlash, jumladan, Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. BMT Bosh Assambleyasining «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi bir ovozdan qabul qilingan rezolyutsiyasi jahon hamjamiyatining O‘zbekiston tomonidan bu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
Britaniya tomoni va BMT vakillarining 2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi ishtirokini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston-Britaniya hamkorligining ayrim jihatlari hamda O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorligi masalalarini ham muhokama qildi.
O‘zA