Hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanadi
24 may kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) saylovlar bo‘yicha katta maslahatchisi A.Gromov boshchiligidagi Ehtiyojlarni baholash missiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufova mehmonlarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayollar tarkibidan kadrlar zaxirasini shakllantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, saylovlarda ishtirok etadigan ayollar uchun joriy etilgan kvotalar haqida so‘zlab berildi.


Shuningdek, muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatidagi ayollar ulushi, xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun yaratilgan reabilitatsiya markazlari, mahalla institutining oilalarni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni to‘g‘risida batafsil ma’lumot olishdi.
Uchrashuv davomida mahalla fuqarolar yig‘inlarining saylovlarni o‘tkazishda tutgan o‘rni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqi hisoblangan ovoz berish huquqidan foydalanishi uchun teng imkoniyatlar yaratish, saylovlarning xalqaro normalar va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida o‘tkazilishini ta’minlash borasida olib borayotgan ishlari xususida fikr almashildi.
Qizg‘in suhbat tarzida o‘tgan muloqot yakunida hamkorlik aloqalarini kelgusida yanada kengaytirish va mustahkamlab borishga kelishildi.
O‘zA