Hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi Navoiy shahrining eksport va import salohiyatini o‘rganish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faoliyati, imkoniyatlari hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurdi.
Ularni Navoiy temir yo‘l vokzalida shahar hokimi Dilmurod Ergashev va bir guruh rasmiylar kutib oldi.
Delegatsiya a’zolari “Navoiy Ishonch Gilamlari” MCHJ QK korxonasiga tashrif buyurdi.

Mutaxassislar tomonidan delegatsiya a’zolariga dastlabki xom ashyoni qayta ishlash, ip yigirish, rang berish, naqshlar tushirish, gilam to‘qish hamda tayyor mahsulotni qadoqlashgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Jarayonlarda zamonaviy texnologiyalar va yuqori unumdor avtomatlashtirilgan uskuna hamda liniyalardan foydalanilayotgani, bu esa mahsulot sifatini oshirish va ishlab chiqarish hajmini kengaytirish imkonini berayotgani alohida ta’kidlandi.

Mazkur korxona 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 3 navbatda 500 nafarga yaqin ishchi faoliyat olib boradi.
Ayni paytda bu yerda gilam ishlab chiqarish bilan birga gilamlarni kimyoviy tozalash va qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Korxonada ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida texnologik yangilanishlarga qo‘l urilgan. Hozirda ish samaradorligi yuqori bo‘lgan ikki rapirali to‘quv dastgohi olib kelingan. Ushbu dastgoh yiliga 1 million 120 ming metr kvadrat hajmdagi gilam ishlab chiqarish imkonini beradi va energiya sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Bugungi kunda “Navoiy Ishonch Gilamlari” MCHJ QK mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Hozirda mahsulotlar Rossiya va boshqa MDH davlatlariga eksport qilinadi.
Korxonada Rossiya davlati bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan samarali muzokaralar olib borildi.
Muloqotlar davomida rossiyalik hamkorlar tomonidan korxonaning eksport salohiyati va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari alohida e’tirof etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri