Hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiyasi ikki hudud o‘rtasidagi savdo iqtisodiy va investitsion masalalarni muhokama etish, istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borish maqsadida Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonni viloyat hokimi Normat Tursunov kutib oldi.
Ma’lumki, 2023 yilning 5-7 oktyabr kunlari Qozon shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi III mintaqalararo hamkorlik forumida kimyo sanoati hamda mashinasozlik, “Alabuga” va “Master” texnoparklari bilan birgalikda O‘zbekiston hududlarida yangi sanoat parklari tashkil etish, metallga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya sanoati, uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi va boshqa bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikning istiqbolli loyihalari muhokama etilgan edi.

Forum yakunida Tataristonning “KIPMASTER” AJ kompaniyasi bilan Navoiyda maxsus sanoat parkini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Mazkur sanoat parkida umumiy qiymati 251 million AQSH dollari bo‘lgan 19 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, dastlab 140 million dollarlik oziq-ovqat sanoati uchun qadoqlash idishlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yiliga 1,5 milliard dona alyuminiy bankalar ishlab chiqariladi va bu yo‘nalishda 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Dastlab, delegatsiya a’zolari Navoiy erkin iqtisodiy zonasidagi Sanoatni rivojlantirish kompleksida bo‘lib, bu yerda Tatariston bilan hamkorlikda qad rostlayotgan maxsus sanoat parkida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi hamda ularga sanoat parkida tashkil etilayotgan loyihalar taqdimot qilindi.


O‘z navbatida Tatariston Respublikasi Raisi ham qurilish jarayoni haqida taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tashrif doirasidagi muzokaralar “Tinchlik Plaza” mehmonxonasida davom ettirilib, ikki hudud o‘rtasidagi savdo iqtisodiy va investitsion masalalar atroflicha muhokama etildi. Istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri