“Hamkorlik – 2025” xalqaro o‘quv mashg‘uloti
Janubi-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli “Termiz” umumqo‘shin poligonida O‘zbekiston va Rossiya harbiy xizmatchilari ishtirokida “Hamkorlik – 2025” o‘quv mashg‘uloti o‘tkazilmoqda.
“Noqonuniy qurollangan tuzilmalarni yakson qilish bo‘yicha qo‘shinlar maxsus harakati” mavzusida o‘tkazilayotgan hamkorlikdagi xalqaro o‘quv mashg‘ulotlarining ochilish marosimida ikki davlat Mudofaa vazirligi mas’ullari ishtirok etdi. Mazkur o‘quv amaliyoti ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining bilim va tajribalarini mustahkamlash, cho‘l sharoitida jangovar operatsiyalarni olib borishda ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘quv mashg‘ulotlari davlatlararo harbiy hamkorlikni rivojlantirish, jangovar birodarlikni mustahkamlash, maxsus harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish va olib borishda boshqaruv organlarining ko‘nikmalarini oshirish, tajriba almashish, zamonaviy jangda qo‘llanilayotgan taktik harakatlarni muvofiqlikda bajarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unga 400 ga yaqin harbiy xizmatchilardan iborat maxsus bo‘linmalar jalb qilingan. Rossiya tomoni o‘zining harbiy texnikalari bilan ishtirok etmoqda. Ikki davlat harbiy xizmatchilari jangovar vaziyatda bo‘linmalarni hamkorlikda boshqarish, davlat chegarasining daxlsizligini ta’minlash va shartli dushmanni yo‘q qilish kabi turli maxsus topshiriqlarni olib borishadi.
[gallery-24382]
O‘quv doirasida jangovar tayyorgarlik bo‘yicha turli mashg‘ulotlar, madaniy-hordiq tadbirlari hamda sport musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 kun davom etadigan o‘quv mashg‘ulotlari ikki davlat o‘rtasida imzolangan harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA