Hakamlar akademiyasi tinglovchilariga muhim tavsiyalar berildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda O‘FA prezidenti maslahatchilari Avaz Azizxo‘jayev va Baxtiyor Abdullayev Hakamlar akademiyasi tinglovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda professional hakamlarni tayyorlash, yosh hakamlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Tinglovchilarga hakamlik katta mas’uliyat va mashaqqatli mehnat talab qiladigan faoliyat ekani, bu yo‘lda halollik, intizom, jasorat va fidoyilik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shuningdek, zamonaviy hakamdan o‘yin qoidalarini mukammal bilish, chet tillarini o‘rganish, jismoniy tayyorgarlikni yuqori darajada saqlash hamda o‘z ustida muntazam ishlash talab etilishi qayd etildi. Yosh hakamlarning professional va xalqaro darajada faoliyat yuritishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida urg‘ulandi.
Uchrashuv yakunida tinglovchilar kelgusida o‘zbek futboli taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan malakali hakamlar bo‘lib yetishishiga ishonch bildirildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA