Haftalik yangi izlanishlarga turtki bermoqda
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan madaniy meros haftaligi qiziqarli ma’rifiy tadbirlar, olimlar, ijodkorlar , yosh tadqiqotchilarning muloqotlariga, taqdimotlarga boy bo‘lmoqda.
Haftalik yangi-yangi izlanish va g‘oyalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi, shubhasiz. Bu jihatlar tadbir ishtirokchilarining fikrlarida ham yaqqol sezilmoqda.
Irina Popova, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori:
– "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" loyihasini biz o‘zbek loyihasi deb ataymiz. Bu zaminda qadimda istiqomat etgan xalqlar hayotiga oid to‘plam nashr etganmiz. O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati yuzlab olimlar, talqiqotchilarni o‘z atrofiga birlashtirgani e’tiborga molik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning millat ma’rifati haqida qayg‘urishi, ma’naviyatga e’tibor qaratishi sharqona donishmandlikdan ildiz olgan, desak yanglishmaymiz.
Halit Eren, Islom tarixi, madaniyati va san’atini o‘rganish markazi -- IRCICA bosh direktori:
-- Biz O‘zbekistondagi tarixiy meros, etnografika, me’morchilik, adabiyot, nafis san’at, hunarmandchilik, madaniyatni o‘rganish, bu jarayonlardagi izlanishlar bilan tanishishdek ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldik. Dunyoda "Sharq renessansi" tushunchasiga o‘zbek zaminida yetishib chiqqan allomalar tomonidan asos solingan. Bugun yangilanish, uyg‘onishga xos, renessansga xos jarayon O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlarda o‘z aksini topmoqda. Bu o‘zgarishlar olimlarni yangi izlanishlar sari ilhomlantiradi, tadqiqotlarga rag‘bat beradi. O‘zbekiston IRCICAning dasturlarida doim faol ishtirok etadi. Bu yurtda qo‘lyozmalarni o‘rganish, milliy hunarmandchilik maktablarini rivojlantirish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda jamiyat ham yangilanib bormoqda.O‘zbekiston xalqining milliy merosi insoniyat mulkining ajralmas qismidir. Madaniy meros muhofazasiga oid qator ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga bu borada galdagi amalga oshiriladigan vazifalar bisyor ekanini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Sergey Laptev, Yaponiyadagi "Mixo" muzeyining maxsus xodimi:
-- Mamlakat rahbarining madaniy merosni asrashga oid tashabbuslari o‘zining amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. "Pravda Vostoka" gazetasidagi maqolasida akademik Akmal Saidov yangi O‘zbekistonning tarixiy taraqqiyotini mufassal ochib bergani meni hayratlantirdi. Bu zamin dunyoga Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlarni berdi. Mazkur kongressga O‘zbekiston tarixiga befarq bo‘lmagan olimlar jamlangani e’tiborga molik. O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati yangi renessansga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Bu O‘zbekistonning yangi, cheksiz imkoniyatlari salohiyatini ochib beradi. Biz kongress ishtirokchilarining O‘zbekiston Prezidentiga murojaatini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Aleksandr Vilgelm, Avstriyadagi Muller&Schindler nashriyoti vakili:
-- O‘zbekiston allomalarining merosi hamon dunyo e’tiborida. Biz kongressda "O‘zbekistonning 114 Qur’oni" loyihasini tanishtirdik. Loyiha dunyoning turli mamlakatlaridagi muzey va kutubxonalardagi muqaddas kitobning O‘zbekiston madaniyatiga oid 114ta turli nusxalarini o‘rganish imkonini berdi.Tadqiqotlar natijasida alohida to‘plam nashr etilishi ko‘zda tutilyapti.
Darhaqiqat, Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan madaniy meros haftaligi yangi-yangi izlanishlarga zamin yaratadi.
N.Usmonova, O‘zA