Hadis ilmi maktabiga kirish imtihonlari boshlandi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kirish imtihonlari boshlandi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmatiga ko‘ra, Hadis ilmi maktabiga hujjatlarni qabul qilish jarayoni shu yilning 20 iyunidan boshlangan bo‘lib, 10 iyulga qadar o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan 92 nafar abituriyent hujjat topshirdi.


Bugun esa mazkur abituriyentlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida suhbat asosida ilk ijodiy imtihondan o‘tadi. 17 iyul kuni ikkinchi bosqichda «O‘zbekiston tarixi» fanidan test topshiradi. Umumiy imtihon natijalari 18 iyul kuni e’lon qilinadi.

Abituriyentlarning bilimlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining qabul hay’ati a’zolari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasining malakali pedagog-o‘qituvchilari baholab boradi.
N.Usmonova, O‘zA