Guseyn GULIEV: Islohotlar O‘zbekistonni dunyoga tanitmoqda
O‘zbek va ozar xalqlarining o‘zaro do‘stlik aloqalari chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, ko‘p asrlik madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’analar va tarixning o‘zaro uyg‘unlashuviga tayanadi. Bugungi kunda ushbu azaliy va yaqin rishtalar ikki davlat o‘rtasida mustahkam ishonch va yuksak hurmatga asoslangan o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar yangi dinamika va mazmunga ega bo‘lib bormoqda. Yuqori darajadagi aloqalar sezilarli darajada faollashmoqda.
Buni Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyev ham alohida e’tirof etdi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida strategik hamkorlik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilgan. Ayni jarayon turli darajadagi ikki tomonlama shartnomalar asosida amalga oshirilmoqda.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikning asosini madaniy-gumanitar va iqtisodiy munosabatlar tashkil etadi. O‘zbeklar va ozarbayjonlar o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari tobora mustahkamlanadi.
Biz O‘zbekiston tashqi siyosat idorasidagi hamkasblarimiz bilan o‘zaro ishonch asosida samarali faoliyat yuritib kelyapmiz. Maqsadimiz, birinchi navbatda, O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va o‘zaro ishonchni yanada chuqurlashtirishdir. Shundan kelib chiqib, akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalardagi hamkasblarimiz bilan birga umumiy manfaatlarga javob beradigan barcha sohalarda qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha birgalikda ishlayapmiz.
Ayni paytda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz miqyosida umumiy maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan qo‘shma hududiy loyihalarda ishtirok etayotgan mutaxassislarimiz o‘rtasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu O‘zbekiston va Ozarbayjon diplomatiyasi uchun katta yutuq hisoblanadi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlararo munosabatlari chuqur tarixiy ildizlarga, yagona din, milliy an’analar, til va madaniyat yaqinligiga borib taqaladi.
Shuni ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bokuga ilk tashrifi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan samimiyat va ishonch ruhiga yo‘g‘rilgan uchrashuvi o‘zaro aloqalarning hozirgi bosqichidagi yanada iliq, yaqin munosabatning asosiy omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Turkiy tilli davlatlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimi imzolanganiga o‘n yil to‘lganda O‘zbekistonning ushbu tuzilmaga a’zo bo‘lib kirishida ham ramziy ma’no bor. Mazkur voqea xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni, o‘zaro manfaatli hamkorlikni iqtisodiyotning barcha sohalarida yangi bosqichga ko‘tardi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bokuga, Turkiy Kengash (Turkiy davlatlar tashkiloti) VII sammitida ishtirok etish uchun tashrif buyurishi va Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashishi, o‘ylaymanki, eng avvalo, Turkiy dunyo tarixida muhim voqea bo‘ldi. Buning ahamiyatini anglash uchun o‘zbeklar va ozarbayjonlar o‘rtasidagi qardoshlik aloqasiga oid tarixiy faktlarga e’tibor qaratish lozim.
E’tiboringizni TDT faoliyatiga qaratmoqchiman. O‘zbekiston, ushbu tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida, mavjud salohiyatdan xalqi ravnaqi yo‘lida foydalanish bo‘yicha o‘z ma’naviy-axloqiy huquqini aniq belgilab olib, huquqiy jihatdan rasmiylashtirgan.
TDT doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hozirgi kelishuvlarning moliyaviy miqdori bir necha milliard dollarni tashkil etadi va bu amalga oshirilayotgan loyihalarning bir qismi, xolos. Ko‘p tomonlama aloqalarning iqtisodiy jihatini kengaytirish dunyodagi siyosiy, iqtisodiy silsilalarga qarshi barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
O‘ylaymanki, mamlakatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakati xalqlarimiz birgalikda yangi marralarni o‘zlashtirishiga kuchli turtki beradi va bu boshqa mamlakatlar uchun ijobiy namuna bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda, Ilhom Aliyev TDT sammiti doirasida aytganidek, bu masalada O‘zbekiston muhim o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston siyosati mamlakatda, umuman mintaqada tinchlik va osoyishtalikni saqlashga ko‘maklashadi. Qardosh xalqlar bilan yaqinlashishga qaratilgan uzoqni ko‘zlovchi, oqilona strategiya butun dunyoda mamlakatning haqiqiy pragmatik va nihoyatda xayrixohlik ruhidagi tashqi siyosati sifatida tan olinmoqda. Jahon hamjamiyati tomonidan ushbu voqelik o‘zbek diplomatiyasining o‘ziga xos uslubi, deya qabul qilinmoqda.
O‘zbekistonni haqli ravishda Markaziy Osiyoning yuragi, deyish mumkin. Zero, ushbu serquyosh o‘lka tarixiy Turonning qoq markazida joylashgan. Men bir necha bor mamnuniyat bilan ta’kidlaganman: Markaziy Osiyoda hech bir masala, mintaqadagi asosiy mamlakat sifatida O‘zbekiston ishtirokisiz hal qilinmaydi.
Hozirgi o‘zbek xalqi qadim madaniyat, buyuk Turon sivilizatsiyasining huquqiy vorisi va tashuvchisi hisoblanadi. O‘zbeklar – jahon miqyosidagi ko‘plab buyuk shaxslar, arboblar avlodi. Ular o‘z mehnati bilan buyuk saltanatlar barpo etgan, bir necha ming yilliklar davomida olim-u tadqiqotchilarning ajoyib maktabini qo‘llab-quvvatlagan, rag‘batlantirgan. Sharqning buyuk qomusiy olimlari, jahonga mashhur mutafakkirlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Urganch, Farg‘ona vodiysida tug‘ilib o‘sgan, tarbiyalangan. Jug‘rofiy nuqtai nazardan, o‘zbek davlatchiligi shakllanishiga doir ko‘p asrlik tarixiy jarayon hozirgi O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatda davlat hokimiyati tarkibida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda, buni sezmaslik mumkin emas. Fuqarolar hayoti va faoliyatida, turmushida yangilanishlar sodir bo‘lmoqda.
Deyarli, barcha sohalarda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar bevosita davlat rahbari tashabbuslari bilan bog‘liq. Davlat rahbari Yangi O‘zbekiston siyosatining bosh g‘oyasini “Milliy uyg‘onishdan milliy taraqqiyot sari” deya aniq belgilab bergan.
Zamonaviy, rivojlangan mamlakatga aylanish yo‘lidagi intilish kundalik hayotda ham aks etmoqda. So‘nggi yillardagi islohotlar tufayli O‘zbekiston jahon maydonida mutlaqo yangi qiyofada, iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan, erkin, barqaror va demokratik mamlakat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra, mintaqaviy va davlat miqyosidagi masalalarni hal qilish maqsadida keng ko‘lamli ishlar qilindi.
Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar bilan munosabatni yaxshilash uchun qator choralar ko‘rdi, mintaqa davlatlari rahbarlari bilan ko‘plab uchrashuvlar uyushtirdi. 2016 yildan boshlab O‘zbekistonning qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalari jadallashdi. Ayni tashabbuslar ortidan boshlangan tadbirlar respublikaning jahon maydonidagi nufuzini sezilarli ravishda oshirdi. Ushbu missiya natijasida mintaqada tinchlik saqlanib turibdi.
O‘zbekiston tashqi siyosatidagi siyosiy jonlanish jiddiy, yangicha ilg‘or harakat sifatida namoyon bo‘ldi. Aslida, tinchlik, hamjihatliksiz bunga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli mamlakatning ichki va tashqi siyosatida asosiy va bosh omil sifatida tinchliksevarlik tanlangan. Zero, bu o‘lkada milliy mustaqillik g‘oyasi millatlararo va konfessiyalararo bag‘rikenglik tamoyiliga tayangan.
O‘zbekiston rahbariyati jahon hamjamiyati e’tiboriga mamlakat tashqi siyosatiga singdirilgan mantiqiy konseptuallashuv mohiyatini yetkaza oldi. Endilikda mamlakat izchillik bilan va rejali ravishda mintaqada do‘stona, ko‘p tomonlama ishonchga asoslangan muhit yaratish ustida ish olib bormoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi sergaklik va xolislik bilan dunyoning har qanday mamlakatiga nisbatan u yoki bu masala bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib keladi. Ushbu pozitsiyani to‘g‘ri anglash uchun xalqaro huquqning ijodkori va sub’ekti muayyan millat emas, balki davlat ekanini tushunish va bunga qo‘shilish kerak.
Jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan suveren davlat tushunchasi rasmiy Toshkent uchun muqaddas hisoblanadi. Siyosiy yondashuvning ayni ifodasi jahon hamjamiyati tomonidan bir necha marta oshkora tan olingan.
O‘zbekistonning Ozarbayjon hududiy yaxlitligi masalasi bo‘yicha alohida fikri haqli ravishda ozarbayjon xalqida chuqur hurmat tuyg‘usini uyg‘otdi. Ushbu masalaga prinsipial yondashuv tufayli O‘zbekiston butun turk dunyosi oldida so‘zsiz siyosiy obro‘ qozondi.
Ozarbayjonliklar ham O‘zbekiston bilan do‘stlik, qardoshlik masalasiga muhim e’tibor qaratib kelgan. O‘zbek xalqining olijanobligini dunyo azaldan biladi, ammo bizda minnatdorchilik uchun alohida sabab mavjud. Axir, xalqimiz boshiga tushgan qayg‘uli, g‘amgin kunlarda, juda og‘ir bir davrda o‘zbek xalqi birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zgani, qat’iyat bilan haqiqat tomonida turganini qanday unutish mumkin?!
Har gal imkoniyat tug‘ilishi bilan qardosh O‘zbekiston xalqiga gullab-yashnash, ravnaq topish, farovonlik, musaffo osmon ostida yashashni tilashdan charchamayman. Bu Vatan hamisha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik g‘oyalariga sodiqlik, muhimi, donishmandlik ramzi, namunasi bo‘lib kelgan.
Tarix shunday guvohlik beradiki, yuqorida sanab o‘tilgan jihatlar o‘zbek xalqiga porloq kelajak uchun mudom yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlash imkonini beradi. Xalqlarimizga yanada farovonlik tilayman. Ko‘p asrlik do‘stligimiz, qardoshligimiz abadiy bo‘lsin!
O‘zA muxbiri G‘ayrat Xonnazarov yozib oldi